Xorazmlik jurnalist Sergey Naumov taqdiridan xavotir bildirilmoqda

  • 23 Сентябр 2013
"Fergana.ru" fotosi
Image caption Sergey Naumov Rossiyaning O‘zbekistondagi elchisidan mukofot olgan

"Sergey Naumovning g‘oyib bo‘lishi xavotirni uyg‘otadi, chunki unga O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari bir necha marta tahdid qilganlar".

Qarorgohi Frantsiyada joylashgan "Markaziy Osiyoda inson huquqlari" birlashmasi xalqaro jamoatchilikka ana shunday murojaat bilan chiqqan.

"O‘zbekistonning Xorazm viloyati Urganch shahrida yashaydigan bizning hamkasbimiz, mustaqil jurnalist va inson huquqlari himoyachisi Sergey Naumov g‘oyib bo‘ldi. Ikki kundan buyon uning telefoni javob bermayapti, uni qo‘shnilari va do‘stlari ko‘rganlari yo‘q", deb xabar qiladi "Markaziy Osiyoda inson huquqlari" birlashmasi.

"2013 yilning 21 sentyabri kuni soat 19 larga yaqin Naumov hamkasbiga qo‘ng‘iroq qilgan va o‘zini militsiya bo‘limi xodimlari ushlaganini aytgan. Qayerda, kim tomonidan va nima uchun qo‘lga olingani hamon noma‘lum", deya xabar qiladi inson haqlari tashkiloti.

Xorazm viloyatidagi inson huquqlarini himoya qilish "Najot" tashkiloti Sergey Naumovni qidirib topish harakatlari samara bermagani haqida axborot tarqatgan.

"Najot" rahbari Hayitboy Yoqubovning xabar qilishicha, u Sergey Naumov haqida Xorazm viloyat, Urganch shahar va tuman ichki ishlar idoralariga, Urganch shahrining aeroport va vokzal transport militsiyalariga murojaat qilgan.

Shuningdek, prokuratura va Milliy xavfsizlik idoralaridan ham so‘ralgan.

"Mahalliy huquq-tartibot idoralaridan Sergey Naumov to‘grisida biron-bir xabar olishning imkoniyati bo‘lmadi. Mahalla aktivlari Namangan ko‘chasidagi domda yashovchi Sergey Naumovni biladigan uchastka nozirining bugun seminarga o‘qishga ketganini bildirishdi xolos", deb xabar qilgan "Najot" tashkiloti rahbari Hayitboy Yoqubov.

"Telefon va Internet orqali anonim shaxslar unga tahdid qilganlar. Hammadan ham ko‘ra Naumov majburiy mehnat oqibatlariga muntazam qiziqishi, Orolbo‘yidagi ekologik vaziyat va Urganch shahrida istiqomat qilgan insonlarning noqonuniy majburiy ko‘chirilishiga bo‘lgan qiziqishlari tufayli O‘zbek hokimiyatining jig‘iga tegib keladi", deyiladi "Markaziy Osiyoda inson huquqlari" assotsiatsiyasi tarqatgan xabarda.

Assotsiatsiya BMT Inson huquqlari Oliy komissari, Ovro‘po Ittifoqining Inson huquqlari bo‘yicha maxsus vakili, Ovro‘po Ittifoqining Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha maxsus ma‘ruzachisi va boshqa xalqaro tashkilotlarga, demokratik mamlakatlar diplomatlariga murojaat qilib Sergey Naumovning ishiga zudlik bilan aralashishga chaqiradi.

Ayrim xabarlarga ko‘ra, Sergey Naumov majburiy paxta yig‘im-terimiga safarbarlikni o‘rganayotgan paytida hibsga olingan.