ODKB sammitiga Suriya va Afg‘oniston masalalari qo‘yilgan

Image copyright RIA Novosti
Image caption 2012 yil dekabridagi ODKB sammitida O‘zbekistonning bu tashkilotdagi a‘zoligi to‘xtatilishi haqida qaror qabul qilingan

Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi tashkilotiga a‘zo mamlakatlar rahbarlari Rossiyaning Qora dengiz sohilidagi Sochi shahrida yig‘ilganlar.

Rossiya bu tashkilot ham o‘zining tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashiga umid bildirgan.

Bir necha kun oldin Qirg‘izistonda Shanxay Hamkorlik tashkilotiga a‘zo davlatlar rahbarlari sammitga yig‘ilganlar va unda Rossiya tarafi Suriya masalasida Xitoy, Eron va Markaziy Osiyo davlatlarining dastagini olishga muvaffaq bo‘lgan edi.

"Biz Suriyadagi vaziyatdan xavotirdamiz, bu faqat inqirozning butun mintaqaga salbiy ta‘siri tufayligina emas, balki xalqaro qonunchilik tizimiga salbiy ta‘siri oqibatlari tufayli hamdir. Men o‘ylaymanki, bugun biz xalqaro hamjamiyatning Suriya bo‘yicha sa‘y-harakatlarini dastaklay olamiz", deb aytgan Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov.

"ODKBga a‘zo mamlakatlar Suriya inqirozini faqat siyosiy-diplomatik yo‘llar bilan hal qilish lozim, xalqaro huquqning me‘yor va tamoyillarini talab qilish borasidagi birgalikdagi harakatlarini bundan keyin ham davom ettirish kerak, deb hisoblaydilar", deb aytgan Rossiya prezidentining yordamchisi Yuriy Ushakov.

Rossiya tarafi ODKB sammiti kun tartibiga Suriya borasida qo‘shma bayonot taklifini kiritgan.

Sammit yakunida mamlakatlar rahbarlari ushbu qo‘shma bayonotni qabul qilishlari mumkin, deb aytgan Rossiya prezidenti yordamchisi.

Sochig yig‘ilgan Armaniston, Belarus, Rossiya, Tojikiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston prezidentlarining Afg‘onistondan 2014 yilda NATO qo‘shinlari olib chiqib ketilganidan keyingi vaziyatni ham muhokama etishlari xabar qilingan.

Xususan, rahbarlar Afg‘oniston bilan chegaralarini mustahkamlashda Tojikistonga kollektiv yordam berish yo‘llarini ko‘rib chiqmoqchilar.

Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi tashkilotining a‘zosi bo‘lgan O‘zbekiston o‘tgan yili bu tashkilotdan chiqarilgan edi.

2012 yil Moskvada bo‘lib o‘tgan tashkilot sammitida O‘zbekistonning a‘zoligi to‘xtatilishi borasidagi qaror qabul qilingan.

Moskvadagi ODKB yig‘iniga raislik qilgan Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko, O‘zbekistonning tashkilotdagi ishtiroki emas, balki a‘zoligi vaqtincha to‘xtatilayapti, deb aytgan.

Agar rasmiy Toshkent tashkilotga qaytmoqchi bo‘lsa, barcha qabul qilingan shartnomalarni imzolab, ratifikatsiyadan o‘tkazishi kerak, degan Belarus rahbari.