Imomali Rahmon - Tojikiston Yoshlari ittifoqi nomzodi

Image copyright Reuters

Tojikiston Yoshlari Ittifoqining qurultoyi joriy Prezident Imomali Rahmon nomzodini 6 noyabr kuniga mo‘ljallangan prezidentlik sayloviga ilgari surgan.

Janob Rahmon nomzodini 2012 yildagi London Olimpiadasining boks bo‘yicha bronza medalini qo‘lga kiritgan Mavzuna Choriyeva taklif qilgan.

Tojikiston Yoshlari Ittifoqining raisi Maliksho Ne‘matovning aytishicha, qurultoy ishtirokchilari bir ovozdan ushbu taklifni yoqlaganlar.

Prezident Imomali Rahmon Tojikiston Xalq-Demokratik partiyasining raisi hisoblanadi.

Xalq-Demokratik partiyaning qurultoyi 4 oktyabr kuniga mo‘ljallangani xabar qilingan.

Shu paytgacha Tojikiston muxolifati yagona nomzod sifatida inson huquqlari himoyachisi va jamoat arbobi Oynixol Bobonazarova nomzodini ilgari surdi.

Shuningdek, Tojikiston Iqtisodiy islohotlar partiyasi Olim Boboyev, Tojikiston Agrar partiyasi akademik Tolibbek Buxoriyev, Tojikiston Demokratik partiyasi Saidja‘far Ismonovning, Tojikiston Sotsialistlar partiyasi esa Adbuhalim G‘afforov nomzodlarini ilgari surishlari haqida e‘lon qildilar.

Tojikiston Markaziy Saylov komissiyasi 7 oktyabrni prezidentlikka nomzodlarni ro‘yxatga olishning oxirgi kuni deb e‘lon qilgan.

Saylov komissiyasida nomzodni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun saylovchilarning 210 ming imzosini yig‘ib topshirish talab qilinadi.

Bir kun oldin Oynixol Bobonazarova nomzodini ilgari surgan Tojikiston Islohottalab kuchlari tashkiloti qonun bo‘yicha talab qilinadigan imzolarni yig‘ishda hokimiyat o‘zlariga xalaqit berayotganidan shikoyat qilgan.

"Imzolarni to‘plash byulletenida mahalliy hokimiyat organining muhrini qo‘yish talab qilinadi. Bu esa bizga imzolarni yig‘ishni boshlash imkonini beradi. Hozir biz mamlakatdagi 68 tuman va aholi istiqomat qiladigan joydan 12 tasidagina ishlash uchun ruxsatnoma oldik. Har xil bahonalar bilan muhr qo‘yib bermayaptilar, buning oqibatida biz vaqt yo‘qotayapmiz", deb aytgan Tojikiston Islomiy Uyg‘onish partiyasi rahbarlaridan biri.

Agar bu hol yana davom etaversa, tashabbus guruhi mahkamaga murojaat qilish niyatida ekanini bildirgan.

Tojikiston Markaziy Saylov komissiyasi muxolifat nomzodini ro‘yxatga olishga qarshilik qilinayotganini rad etgan.

60 yoshda bo‘lgan Prezident Imomali Rahmon Tojikistonni 1992 yildan buyon boshqarib keladi.

Fuqarolar urushi ketayotgan Tojikistonda 1992 yili janob Rahmon parlament raisi lavozimini egallagan edi.

Birinchi marta 1994 yilda o‘tkazilgan saylovda Imomali Rahmon besh yil muddatga prezident etib saylangan.

Shundan keyin Tojikiston konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritilgan va 1999 yildagi prezidentlik saylovida uning ko‘p ovoz to‘plagani va birinchi yetti yillik muddatga saylangani e‘lon qilingan.

2006 yilda Tojikistonda o‘tkazilgan saylovda ham janob Rahmonning g‘alaba qozongani e‘lon qilingan.

Muxolifatga ko‘ra, Tojikistonning amaldagi konstitutsiyasi bo‘yicha janob Rahmonning o‘z nomzodini ilgari surishi mumkin emas.

Ammo sobiq Sho‘ro mamlakatlarida hokimiyatni qo‘lida tutib turgan shaxslar uchun konstitutsiyani o‘zgartirish unchalik ham mushkul ish emasligini SSSR parchalanganidan keyin o‘tgan yillar ko‘p marotaba ko‘rsatdi.