Qozog‘istonlik bolalarini jinsiy zo‘rlagan amerikalik er-xotin qamaldi

Image caption Er-xotin Jozef va Linda Meyottlar mahkamadan oldin

Massachusets shtatilik er-xotin Jozef va Linda Meyottlar Qozog‘istondan asrab olgan bolalarini ko‘p yillar davomida jinsiy zo‘rlaganlikda aybdor deb topilib qamoq jazosiga hukm etildi, deya xabar beradi Amerika axborot vositalari.

Mahkama chiqargan qarorga ko‘ra, 50 yoshli Jozef Meyott 16-20 yilgacha, 49 yoshli xotini Linda Meyott 18-22 yilni panjara ortida o‘tkazishi kerak.

Uaytinsvill shahrida yashab kelgan oila Qozog‘iston aka va singilni 2004 yilda asrab olishadi.

Qozog‘istonlik bola o‘shanda 13 yosh, singlisi esa 8 yoshda bo‘ladi.

Mahkamada berilgan ko‘rsatmalarga binoan, aka-singil amerikalik oilasiga kelgach, saqlab olgan ota-onalari tomonidan jinsiy zo‘ravonlikka ro‘paro‘ kelganlar.

DNK natijalari Linda Meyott asrandi o‘g‘lidan farzand ko‘rganini tasdiqlaydi.

Jozef va Linda Meyottning qozog‘istonlik bolalarini jinsiy zo‘rlagani 2009 yilda ma‘lum bo‘lgach, ular hibsga olinadi. Biroq oradan biroz o‘tgach er-xotin garov puli evaziga chiqarib yuboriladi.

Bolalar esa davlat qaramog‘iga topshiriladi.

2013 yilda Meyottlar ustidan mahkama qaytadan boshlanib, ayni paytda 21 va 17 yoshga kirgan asrandi bolalarning ham ko‘rsatmalari eshitiladi.

Linda Meyott mahkamada o‘ziga qo‘yilgan ayblarni inkor qilib, o‘g‘li tomonidan zo‘rlanganini iddao qilgan.

Biroq hakam er-xotin Meyottlarning bergan ko‘rsatmalaridan qoniqmagan.

Jozef Meyott ayblovning 11 bandi bo‘yicha, Linda Meyott 18 band bo‘yicha aybdor deb topilib, uzoq yillik qamoq jazolariga hukm qilingan.