Nayrobida jangarilar hujum qilgan savdo markazi "tazalanmoqda"

Keniya Xavfsizlik Kuchlari Nayrobida jangarilar hujum qilgan yirik savdo markazini qavatma-qavat tekshirib chiqmoqdalar.

Seshanba ertalab ham markazdan otishma sadolari eshitilgan.

"Tozalash amaliyoti" oxiriga yetayotgani haqida aytilmoqda.

Jangarilar hujumi oqibatida hozirga qadar 62 kishi halok bo‘lgani aniqlangan.

Keniya Tashqi Ishlar vazirining aytishicha, jangarilar safida "ikki-uch nafar AQSh fuqarosi va Britaniyalik ayol ham bo‘lgan".

Vazir Amina Muhammadning AQShning PBS Newshour teledasturiga aytishicha, amerikaliklar yoshlari 18-19 da va Britaniyalik ayol "bu kabi amaliyotlarni avvallari ham ko‘p marotaba bajargandir".

Lekin avvalroq Keniya Ichki Ishlar vaziri hujumchilarning hammasi erkak, ammo ayol ust-boshini kiyib olganlari ham bor, deb aytgandi.

Nayrobida bo‘lgan BBC muxbiriga ko‘ra, Tashqi Ishlar vazirining izhoroti hujumchilar orasida London transport tizimida 2005 yil iyul oyida qator hudkush hujumlarni amalga oshirganlardan birining bevasi Samanta Leytvayt ham borligi haqidagi mish-mishlarni urchitib yuborgan.

Britaniya rasmiylari hujumchilar orasida o‘z fuqarolari bormi-yo‘qligi haqidagi savollarni ochiq qoldirmoqdalar.

Seshanba kuni ertalab Keniya rasmiylari savdo markazi ichida ikki-uch hujumchi qolgan bo‘lishi mumkinligi haqida aytganlar.

Avvalroq rasmiylar "tozalash amaliyoti" mobaynida uch jangari o‘ldirilib, yana 10 nafari hibsga olinganini aytgandilar.

Somalidagi "Ash-Shabab" islomiy guruhi Keniya Qurolli Kuchlari tomonidan Somalida o‘tkazgan amaliyotlariga javoban bu hujumlarni amlga oshirganligini aytgan.

Shanba kuni tush payti Westgate majmuasiga qurolli kishilar granatalar uloqtirib, avtomatlardan o‘q otib kirib kelishgan.

Bu paytda bolalar bayrami o‘tkazilayotgani bois, qurbonlar orasida ko‘plab bolalar borligi xabar qilinadi.

Guvohlarning aytishicha, hujumchilar kofirlarga qarshi kurashayotganlarini ta‘kidlab, musulmonlarga binodan chiqib ketishga ruxsat berishgan.

Halok bo‘lgan 62 kishidan 18 nafari xorijliklar ekani ma‘lum qilingan. Ular orasida Britaniya, Fransa, Kanada, Gollandiya, Avstraliya, Peru, Hindiston, Gana, Xitoy va Janubiy Afrika fuqarolari ham bor.