Jurnalist Cergey Naumov 12 kunlik ma‘muriy qamoq jazosiga hukm qilingan

Jinoyat Ishlar bo‘yicha Urganch shahar sudi jurnalist Sergey Naumovni "jinsiy tegajoqlik"da ayblab, 12 kunlik ma‘muriy qamoq jazosga hukm qilganligi ma‘lum bo‘ldi.

Mahkama hujjatida aytilishicha, Sergey Naumov shu yilning 21 sentyabr kuni soat 16 larda jabrlanuvchi D. Matyoqubovaga jismonan shilqimlik qilib, haqorat qilgan.

Hujjatda aytilishicha, Sergey Naumov jabrlanuvchi ayolga shilqimlik qilganini rad etgan va qoqilib ketib, unga turtinib ketganligini aytgan.

Ajablanarli yeri shuki, hodisa 21 sentyabr kuni soat 16 larda bo‘lib o‘tgan va huddi shu kuni bir necha soat ichidayoq mahkama majlisi o‘tkazilib, hukm chiqarilgan.

Jazoni o‘tash muddati 21 sentyabr soat 18 dan, deb belgilangan.

50 yoshli mustaqil jurnalist Sergey Naumov 21 sentyabr kuni Urgenchdagi uyidan militsiya xodimlari tomonidan olib ketilgan.

Jurnalistning o‘zi bu haqda kechki soat yettilarda telefon orqali xabar berishga ulguradi.

Biroq o‘shandan buyon uning qayerdaligi haqida hech qanday ma‘lumot yo‘q edi.

Naumovning qayerdaligi haqida bilishga uringan huquq faollari va do‘stlari bugunga qadar hech bir natijaga erisholmagandilar.

Sergey Naumov O‘zbekistonda inson huquqlari vaziyatini o‘rganib, imkon darajasida xalqaro tashkilotlar va axborot vositalari, O‘zbekiston ichkarisi va tashqarisidagi huquq faollari bilan hamkorlik qilib kelgan.

Uning hamkasblari va do‘stlari hukumat Xorazmda paxta mavsumi qanday ketayotganini o‘rganayotgan Sergey Naumovning faoliyatiga xalaqit berish uchun uni soxta ayblovlar bilan ushlab turilgan bo‘lishini aytishgandi.

Sergey Naumov bundan oldin ham paxta dalalaridagi sharoit haqida tanqidiy maqolalar e‘lon qilgani sababli hukumat tomonidan bosimlarga uchragan.

Inson huquqlarini himoya qilish xalqaro "Amnesti interneshnl" tashkiloti O‘zbekiston hukumatini Sergey Naumov taqdiri haqida ma‘lum qilish va uni zudlik bilan ozod etishga chaqirib chiqqandi.