O‘zbekiston chegarachilari Qirg‘iziston retranslyatorini nega tekshirishdi?

  • 24 Sentyabr 2013

Qirg‘iziston matbuotining xabar berishicha, O‘zbekiston chegarachilari chegara hududidagi Ungor-Tepada joylashtirilgan retranslyatorni kelib tekshirishgan.

Ayni vaqtda Qirg‘iziston Bosh vaziri o‘rinbosari To‘ko‘n Mamitov O‘zbekiston tomoni bu retranslyatorni olib tashlashni talab qilganligini rad etdi.

Avvalroq O‘zbekistondagi ba‘zi Internet axborot sahifalari O‘zbekiston Radio To‘lqinlar Davlat Qo‘mitasi Qirg‘iziston tomonini ikki tomonlama erishilgan bitimlarni buzishda ayblaganligini xabar berishgandi.

Xabar berilishicha, O‘zbekiston tomoni ushbu retranslyatorning hattoki O‘zbekiston hududida o‘rnatilganligini da‘vo qilib, uni buzib tashlashni talab qilgan.

12news.uz websahifasining xabar berishicha, Davlat Qo‘mitasi Qirg‘izistonni bu retranslyatorni Namangan viloyatining Ungor-Tepasida 2007 yili hech qanday ruxsatsiz qurganlikda ayblagan.

Qirg‘iziston Bosh Vaziri muovini O‘zbekiston chegarachilari Ungor-Tepadagi retraslyatorni tikucharda kelib tekshirganliklarini tasdiqlagan.

Qirg‘iz rasmiysiga ko‘ra, tikucharda yetib kelgan taxminan 15 nafar chegarachi nima uchun ikki tomon o‘rtasidagi chegarlar aniqlanmagan hududda retraslyator o‘rnatilganligini bilish uchun kelishgan xolos.

"Ular biron kishiga "Qo‘lingni ko‘tar", deb hayqirib, qurol-yarog‘ o‘qtashmagan. O‘zbek chegarachilari faqat o‘sha retranslyator stantsiyasida ishlayotgan xodimlardan ularning ism-shariflarini so‘rab, yozib olgan. Hamda ular nima sababdan davlatlararo chegaradagi o‘zaro tasdiqlanmagan va ma‘qullanmagan qismida Qirg‘iziston stantsiyasi joylashganligini oydinlashtirishga harakat qilishgan. Mahalliy xodimlar esa, bu stantsiya shu yerda sobiq Sovet Ittifoqi davrida o‘rnatilib, o‘sha paytdan buyon xizmat qilayotganligini aytishgan", - dedi Qirg‘iziston hukumati mulozimi.

Rasmiy Bishkekning bildirishicha, ayni damda Qirg‘iziston Tashqi Ishlar Vazirligi, Davlat Chegara Xizmati va hukumat vakillari bu borada O‘zbekistonlik hamkasblari bilan muzokaralar yuritishmoqda.