UzWebiston: O‘zbekistonda internet festival g‘oliblari aniqlandi

Image copyright PA

O‘zbekistondagi web saytlarning xabar berishicha, "InfoCOM-2013" axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi doirasida UZ Milliy domeni internet-festivali g‘oliblari Yoshlar ijodi saroyidagi tadbirda e‘lon qilingan.

Festivalda 451 ta web sahifa ishtirok etgani aytiladi.

Hukumat saytlari orasida minzdrav.uz, customs.uz va my.gov.uz saytlari eng yaxshi saytlar deb topilibdi.

e-kommunal.uz, ipotekabank.uz web sahifalari ham ilg‘orlar qatorida keltirilgan.

ziyouz.uz, ziyonet.uz, uztranslation.uz saytlari fan va ta‘lim yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan eng yaxshi saytlar deya tan olingan.

Sport yangiliklari bo‘yicha olympic.uz, madaniy soha bo‘yicha art-blog.uz, turizm masalalarini yoritishda visitxorezm.uz yetakchi bo‘lgan.

Tanlovda shaxsiy web sahifalar qatorida nasimov.uz, rinata.uz, oilam.uz va kh-davron.uz saytlari yuqori uchlikni egallagani xabar qilinadi.

Ommaviy axborot vositalari sahifalari orasida mezon.uz, uza.uz, kun.uz saytlari yetakchilikni olgan.

Shuningdek yil yangiligi sifatida uz24.uz, diktor.uz va daryo.uz saytlari qayd etilgan.

ziyouz.uz, sayti yozishicha, tanlovga 900 dan ortiq ariza kelib tushgan.

Tanlovda ishtirok etgan 452 sayt ichida g‘oliblar qatoriga kirgan ziyouz.uzning qayd etishicha, 2004 yil faoliyat boshlagan portalda bugunga kelib 4100 dan ortiq elektron kitob, 15000 dan ortiq ilmiy-ommabop, ma‘rifiy maqolalar o‘rin olgan.

Internet-festival O‘zbekistonda 2001 yildan boshlab, UZ Milliy domeni festivali esa 2007 yildan boshlab o‘tkazib kelinadi.

O‘quvchilar fikriga keng o‘rin berib, ularning e‘tiborini qozongan Olam.uz saytiga nazar tashlaymiz. Saytdagi O‘zbekistonda pulsiz karera qilib bo‘lmasligi haqidagi maqola ko‘p fikr-izohlarga sabab bo‘lgan.

Shuningdek web sahifada Milliy futbol jamoasiga kim rahbar bo‘lishi - Ericsson, Maradona, Milutinovich yoki... sarlavhali o‘quvchilarni bahsga chorlovchi maqola, yoki O‘zbekistonda 98 foiz aholi avtobus transportidan foydalanishi kabi maqolalar berilib, o‘quvchilar ko‘plab izohlar qoldirishgan.

Kun.uz saytiga ko‘ra, 23 sentyabr kuni Toshkentdagi Qatortol savdo majmuasida yong‘in ro‘y bergan. web sahifaning Darakchi gazetiga iqtibosan xabar berishicha, yong‘in majmuaning tovuq go‘shti bilan savdo qiluvchi qismida ro‘y bergan. 30 avgust kuni ham Qatortoldagi kiyim-kechak bozoriga o‘t ketgani xabar qilingandi.

O‘zbekiston Tasviriy san‘at galereyasida xotin-qizlar o‘rtasida davom etayotgan Xalqaro shaxmat federatsiyasi – FIDE Gran-prisining uchinchi bosqichida yosh grossmeyster Nafisa Mo‘minova ikkinchi g‘alabasini nishonladi, deb yozadi Mezon.uz.

Yil yangiligi sifatida ta‘kidlangan uz24.uzning yozishicha, O‘zbekistonda yangi Ayfon telefonlarining narxi odamni shok qiladigan darajada.

Ya‘ni Iphone 5S va Iphone 5S telefonlari 4 million 50 ming so‘mdan 6 million 210 ming so‘mgacha baholanmoqda ekan.

Internet foydalanuvchilari fikriga ko‘ra, O‘zbekistonda sport saytlari, shou biznesga taluqli sahifalar va shaxsiy bloglar ham ancha ommalashgan.