Credit Suisse banki o‘zbekistonlik mijozlarga xizmat ko‘rsatishni to‘xtatadi

Image copyright AP

Shvetsariyaning eng yirik xususiy banklaridan biri bo‘lgan Credit Suisse 2013 yil oxiriga borib O‘zbekiston va Turkmaniston doxil jahonning 50 mamlakatidagi mijozlarga xizmat ko‘rsatishni to‘xtatishi haqida ma‘lum qildi.

Credit Suisse dan BBCga taqdim etilgan ma‘lumotnomada aytilishicha, bu amal bank amaliyotlari o‘ta kichik bo‘lgan yo-da mijozlar soni juda kam bo‘lgan mamlakatlarni o‘z ichiga oladi.

"Bu qarorga kelish jarayonida bu mamlakatlarda biznes yuritishning qiymati va ish yuritish jihatlari nazarda tutildi" - deyiladi ma‘lumotnomada.

Lekin tilga olingan jihatlar nimalardan iborat ekanligi ochiqlanmagan.

Credit Suisse ning aytishicha, xizmat ko‘rsatishni to‘xtatish deganda so‘z chegarlararo bank xizmatini ko‘rsatish haqida ketmoqda.

Ya‘ni, biron mamlaatdagi bank ofislari yoki bo‘linmlari yopilmaydi, faqatgina bu mamlakatlardan bo‘lgan mijozlar uchun hisob ochish va yuritish to‘xtatiladi.

Credit Suisse vakilasi BBC bilan telefon orqali suhbatda ushbu tashbbus shu yil iyul oyida e‘lon qilingan rejalarning tarkibiy qismi ekanligi va biznes yuritish u qadar foyda keltirmayotgan sohalarni to‘xtatish harakatlari tufayli ekanligini aytdi.

Biznes doiralarida nufuzli ko‘rilgan "Financial Times" ro‘znomasida bu borada chop etilgan maqolada aytilishicha, hozirda banklar noqonunuiy yo‘lda orttirilgan pullar bilan ish ko‘rmaslik yo‘lida ko‘plab choralarni yo‘lga qo‘yish bosimi ostidalar.

Ro‘znomaning yozishicha, Credit Suisse ish yuritish qaltis bo‘lgan bozorlardan chiqib ketayotgan yagona bank emas.

HSBC banki ham yaqinda Lotin Amerikasi va Osiyo mamlakatlaridagi ba‘zi mamlakatlarda ish yuritishni to‘xtatgan.

Ba‘zi tahlilchilarga ko‘ra, Credit Suissening oxirgi vaqtlarda foyda olish ko‘rsatkichlari u qadar yaxshi bo‘lmagan va hozirgi qadami ana shu ko‘rsatkichlarni yaxshilashga qaratilgan bo‘lishi mumkin.

Credit Suisse xizmat ko‘rsatishni to‘xtatayotgan mamlakatlar orasida O‘zbekiston ham borligi o‘zbekistonlik mijozlari ortidan muammolarga yuz tutgan qator boshqa banklar misolini xotiraga keltiradi.

Shvetsariyaning Lombard Odier bankida Takilant Ltd shirkatiga tegishli millionlab dollar pullar bilan sohat hujjatlar asosida ish yuritmoqchi bo‘lgan ikki o‘zbekistonlik Alisher Ergashev va Shohruh Sobirovlar o‘tgan yili qo‘lga olinib, keyinchalik tergov tugagunga qadar qo‘yib yuborilgandi.

Takilant Ltd esa Teliasonera telekommunikatsiyalar shirkatining O‘zbekiston bozoriga kirib kelishda vositachi bo‘lgan shirkat sifatida ko‘riladi va O‘zbekiston Prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga yaqin bo‘lgan shaxsga tegishli ekani aytilgan.

Keyinchalik Stokgolm mahkamasi Takilant shirkatiga tegishli 276 million dollar miqdoridagi mablag‘larni muzlatishga buyruq bergan.

Shvetsariya banklari orqali o‘tkaziluvchi pullar borasida tadqiqotlar olib borgan jurnalistlarga ko‘ra, mamlakat banklari milliardlab dollar pullarni ko‘chirib o‘tish nuqtasi sifatida foydalanib kelingan.