Britaniyalik "oq tanli beva" Nayrobidagi hujumlarda ishtirok etganmi?

  • 25 Сентябр 2013
Image caption Samanta Lyutueyt London metrosida o‘zini portlatgan Jermeyn Lindsining bevasi bo‘lib, "oq tanli beva" laqabini ham olgan

Ba‘zilar britaniyalik Samanta Lyutueytni Westgate savdo markazidagi otishmada ko‘rganlarini aytishgan.

U 2005 yil 7 iyulda London metrosida o‘zini portlatgan Jermeyn Lindsining bevasi bo‘lib, "oq tanli beva" laqabini ham olgan.

O‘tgan yili uni Keniyadagi Mumbas sayyohlar shahrida portlash sodir etishga uringanlikda gumon qilishgandi.

Biroq uni ilgari tanigan kishilar Samantaning aybdorligiga ishongilari kelmaydi.

"Biz tanish bo‘lganimizda uning shunday murakkab terroristik amaliyotga qatnashish salohiyati borligini bilmaganman. Bu meni qo‘rqitadi ham. Balki uni bunga majbur qilishgandir? Ko‘p savollarga javob yo‘q. Men tasavvur qilolmayman o‘sha men bilgan Samanta shu ishlarni amalga oshirganiga. Bu amaliyotda qatnashish uchun juda tajribali kishi bo‘lish kerak", - deb aytadi Eylsberi shahri sobiq hokimi Raj Xon.

Xo‘sh, "Ash-Shabab" va uning a‘zolari, jumladan Samanta Lyutueyt xalqaro teroristik tashkilotlarga qanchalik aloqador?

Ma‘lumotlarga ko‘ra, Ash-Shabab tarkibida amerikalik, britaniyalik, skandinaviya mamlakatlari va boshqa davlat fuqarolari bor.

Tahlilchilar o‘z manbalariga tayanib aytishicha, "Ash-Shabab"ga AQShdan keluvchi jangarilarning doimiy oqimi mavjud.

"Markaziy Josuslik xizmati xodimlari menga "Ash-Shabab" tarkibidagi amerikalik jangarilarning sonini ancha qisqartirishga muvaffaq bo‘lganlarini gapirib berishdi. Biroq ular xorijdan kelib qo‘shilayotgan jangarilar oqimini butunlay to‘xtatishga qodir emasliklarini tan olishmoqda", deb aytadi amerikalik yozuvchi Jeyms Fergyuson.

Afrika Ittifoqi askarlari "Ash-Shabab" kuchlarini Somalining asosiy shaharlaridan siqib chiqaryapti.

Jangarilar nazorati ostidagi hudud aholisi esa islomiylarning o‘ta qattiqqo‘l siyosatidan norozidirlar.

Shuningdek jangarilar hali ham Keniya chegarasidan o‘tib, hujum qilishga qodir.

"Ash-Shabab" xorijdan jangarilarni o‘ziga chorlashda davom etmoqda.

Xavfsizlik xodimlari Nayrobidagi portlash aybdorlarini qidirishda davom etar ekan, boshqa mamlakat xavfsizlik xizmatlari, jumladan Britaniya ham o‘zidagi ma‘lumotlar orqali javobsiz qolayotgan savollarga javob topishga urinmoqda.

"Oq tanli beva"ning Nayrobidagi hujumda ishtirok etganligi haqidagi ma‘lumotlar esa o‘z tasdig‘ini topganicha yo‘q.