Pokistondagi zilzila oqibatida 300 dan ziyod inson halok bo‘lgan

Image copyright Reuters

Pokiston janubi-g‘arbidagi Balujiston viloyati rasmiylariga ko‘ra, kuchli zilzila oqibatida 300 dan ortiq inson halok bo‘lgani aniqlangan, qurbonlar soni yanada ko‘p bo‘lishi mumkin, deyishgan.

Zilzila epitsentri Belujistonning tog‘li Avaran tumanida yer sathidan 20 kilometr chuqurlikda bo‘lgani xabar qilingan.

Yer qimirlashi shunchalik kuchli bo‘lganki, silkinish Karochi, Haydarobod va Hindiston poytaxti Dehlida ham sezilgan.

Zilziladan keyin Pokistonning dengiz sohilidagi Gvadar shahri yonida yangi orol paydo bo‘lgan.

Odamlar uzunligi 200 metr, eni 100, chuqurligi 20 metr ekani aytilgan yangi orolni ko‘rish uchun yig‘ilishgan.

Avaran tumanida deyarli barcha uylar vayron bo‘lgan, odamlar tunni ko‘chada o‘tkazganlar.

BBC muxbirining aytishicha, bu joylarda faqat ma‘muriy binolar betondan, boshqa hamma uylar paxsadan qurilgan.

Avaran rasmiylari butun boshli qishloqlar yer bilan yakson bo‘ldi, demoqdalar. Ayniqsa Labah qishlog‘i kuchli zarar ko‘rgani aytilmoqda.

Mahalliy hukumat vakillari chekka tumanlarga vayronagarchiliklar sababli yetib borish qiyin kechmoqda.

Balujiston hokimligi matbuot voizi Jon Bulediyning bildirishicha, Avaran tumani va atrofidagi katta zarar ko‘rgan tumanlarda o‘lganlar soni ortishi mumkin. Kamida 340 inson yaralangani ma‘lum bo‘lgan.

"Biz tibbiy vositalarga juda muhtojmiz. Kasalxonalarda yaradorlar uchun joy yetmayapti", deb aytgan u.

Janob Bulediyning aytishicha, og‘ir yaradorlar tikucharlarda Karachi shahriga olib ketilgan, qolganlari qo‘shni tumanlarga joylashtirilmoqda.

Belujistonda jangari guruhlarga qarshi hukumat kuchlari avvaldan bo‘lgani bois, qutqaruv ishlariga harbiylar birinchi bo‘lib jalb qilingan.

Shuningdek hukumat markaz Kvettadan qo‘shimcha 200 dan ortiq harbiylar, tibbiy mutaxassislar va chodirlarni jabrlangan tumanlarga jo‘natgan, biroq tog‘ sharoiti qutqaruv ishlarini murakkablashtirmoqda.

Pokistonning Balujiston viloyati seysmik faol hudud hisoblanadi.

Ushbu mintaqada aprel oyida ro‘y bergan yer qimirlashi oqibatida 35 inson nobud bo‘lgan edi.