Uzwebiston: Boyvachcha "Zenit" Odil Ahmedovni sotib olarmish...

Image copyright Reuters
Image caption "Zenit" Rossiyaning eng boyvachcha va serxarj jamoalaridan sanaladi

Agar, Rossiyada chop etiluvchi yirik nashrlardan biri "Izvestiya"da chop etilgan xabarga tayanilsa, Sankt-Peterburgning "Zenit" jamoasi o‘zbekistonlik sara futbolchini sotib olishni rejalamoqda.

"Zenit" Rossiyaning eng boyvachcha va serxarj jamoalaridan sanaladi.

Ayrim ma‘lumotlarga qaralsa, hozir Odil Ahmedov to‘p surayotgan "Anji"ning o‘tgan yilgi byudjeti 180 million dollarni tashkil etgan bo‘lsa, "Zenit"niki 280 million dollarga teng bo‘lgan.

Maqolada yozilishicha, Sankt-Peterburg jamoasi Odilni qishki transfer mavsumida sotib olishni rejalashtirmoqda.

"Izvestiya" gazetasi tomonidan xabar qilinishicha, "Zenit" Bosh murabbiyi Luchano Spalettining shaxsan o‘zi "mehnatkash va jismoniy jihatdan kuchli bo‘lgan futbolchiga qiziqish bildirgan".

Ayon bo‘lishicha, piterliklar murabbiysi o‘zbekistonlik futbolchini Konstantin Ziryanovning o‘rniga ko‘zlamoqda.

Agar, ushbu maqola tafsilotlariga tayanilsa, tomonlar o‘rtasida dastlabki muzokaralar bo‘lib o‘tgan va Odil Ahmedov shu qishda "Zenit"ga o‘tishi mumkin.

Uning transfer qiymati esa, xabarda 10 million yevroga baholangan.

Maxachqal‘aning "Anji"si O‘zbekiston milliy terma jamoasining eng ko‘zga ko‘ringan futbolchilaridan biri va o‘sha paytda Toshkentning "Paxtakor" klubi sardori bo‘lgan Odil Ahmedov bilan 2011 yilda to‘rt yilga shartnoma imzolagandi.

Image copyright anzhi
Image caption Ayon bo‘lishicha, piterliklar murabbiysi o‘zbekistonlik futbolchini Konstantin Ziryanovning o‘rniga ko‘zlamoqda

Ammo o‘zbekistonlik sara futbolchi bilan to‘rt yillik shartnoma "Anji"ga qanchaga tushgani rasman e‘lon qilinmagan.

"Anji" klubi rahbariyati o‘tgan oy boshida kutilmaganda nomdor o‘yinchilarini sotishi, o‘z byudjetini keskin qisqartirishi va bundan buyog‘iga mahalliy yosh futbolchilariga orqa qilishini e‘lon qilgandi.

Dog‘istonlik milliarder Suleyman Kerimovning ushbu qarori ortidan, "Anji"ni orada kechgan vaqt ichida rossiyalik qator sara o‘yinchilari doxil sardori Samuel Eto'o, Lassana Diarra, Muborak Bussufa, Villian, Jaoa Karlos va Kristofer Sambolar ham tark etishgan.

"Anji" rahbariyatining so‘nggi bayonoti ortidan Rossiyaning turli internet nashrlari va ommaviy-axborot vositalarida Odil Ahmedovga mahalliy "Krasnodar" va "Zenit" klublari qiziqish bildirishayotgani haqida xabarlar paydo bo‘lgandi.

Biroq "Anji" matbuot voizi BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatida Odil Ahmedov hozircha klubda qolish va jamoaga yordam berish ahdida qat‘iy ekanini bildirgandi.

"Izvestiya" gazetasi shu yil iyun oyida o‘zbekistonlik yulduz futbolchiga Londonning "Arsenal" jamoasi qiziqish bildirayotgani haqida yozgandi.

Ushbu xabarlarda Ovro‘poning eng old jamoalaridan bo‘lgan "Arsenal"ning Odil Ahmedov uchun 4 million yevro to‘lashga rozi" ekani aytilgandi.

Odil Ahmedov 2012 yilda o‘zi hozir to‘p surayotgan "Anji" klubida o‘tgan mavsumning "Eng zo‘r futbolchisi", deb topilgandi.

"Zenit" bu yilgi mavsumda Rossiya chempionligiga eng asosiy da‘vogarlardan biri sifatida ko‘riladi.

Sankt-Peterburg jamoasi joriy paytda 8 o‘yindan 17 ochko to‘plab, turnir jadvalida TsSKA va "Lokomotiv"dan keyin 3-o‘rinni egallab turibdi.