O‘zbekistonda Rauf Parfining yubileyini keng nishonlashga ruxsat berilmagan

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Image copyright none
Image caption Rauf Parfi

O‘zbekistondan kelayotgan xabarlarga ko‘ra, mamlakat rasmiylari atoqli o‘zbek shoiri Rauf Parfi tavalludining 70 yilligini keng nishonlash tadbirlariga izn bermagan.

Biroq, shu kunlarda Rauf Parfi shogirdlari uning she‘riy to‘plamini Toshkentda nashr etishga muvaffaq bo‘lganlar.

O‘zbek adabiyotida o‘chmas iz qoldirgan Rauf Parfi 2005 yilda 62 yoshida olamdan o‘tgandi.

Munaqqidlarga ko‘ra, Rauf Parfi zamonaviy o‘zbek she‘riyatida o‘ziga xos maktab yaratgan va kitobxonlar e‘tiborini qozongan iste‘dodli shoirlardan biridir.

Shoir O‘zbekiston hukumati yuritgan siyosatga nisbatan o‘zining keskin tanqidiy qarashlari bilan ham tanilgan edi.

O‘zbekistonlik muxolifat va inson huquqlari faoli, sobiqda Rauf Parfining turmush o‘rtog‘i Dilorom Ishoqova shoirni xotirlash kechasini o‘tkazishga izn berilmaganidan taajjubda ekanini aytadi.

"Kuni kecha Navoiy milliy kutubxonasida Rauf Parfining keyingi paytda chiqqan uchta kitobi taqdimoti o‘tkazilishi kerak edi. Rauf Parfining shogirdlari, she‘riyatini yaxshi ko‘ridagin yoshlar taklif qilingan, taqdimot, balki she‘rxonlik ham bo‘lar degan umidda. Lekin, tadbirda qatnashishga ketgan ikki qizim birozdan keyin qaytib kelishdi. Ulardan bildimki, Navoiy kutubxonasidagi tadbir ventilatsiya ishlamayotgani bahonasida qoldirilibdi. U qanchalik to‘g‘ri yo noto‘g‘ri bilmayman. Man bunga juda qattiq ishongan bo‘lardim, agar bugun bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan Pedogogika inistitutidagi uchrashuv qoldirilmaganida. Lekin, afsuski, bu uchrashuv ham qoldirilgan", deydi Diloram Ishoqova.