Futbol: Jahon chempionati tashkilotchilari "dahshatda"

Image copyright Getty

Tashkilotchilarni dahshatga solgan tekshiruv xulosalari 2022 yili Qatarda bo‘lib o‘tishi rejalangan jahon birinchiligi o‘yinlari bilan bog‘liq.

Britaniyada chop etiluvchi nufuzli "Gardian" gazetasining xabar berishicha, jahon chempionati uchun lozim inshootlarni qurishda band nepallik ishchilar "ekspluatatsiya etilishmoqda va ularga qilinayotgan munosabatni zamonaviy qullikka tenglashtirish mumkin".

Bu xabarlardan "jiddiy xavotirda" ekanini aytgan FIFA vakillari esa, Qatar hukumati tekshiruv xulosalarini o‘rganib chiqishini aytishmoqda.

Allaqachon rasmiy bayonot bilan chiqqan Qatar tomoniga ko‘ra, "ishchilarga bunday munosabat qilishga hech kimning haqqi yo‘q".

Agar, "The Guardian" tomonidan olib borilgan tekshiruv xulosalariga tayanilsa:

  • 4 iyundan 8 avgustgacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida yuragi bilan bog‘liq muammolar yoki ish joyida yuz bergan baxtsiz hodisalar sabab kamida 44 ishchi hayotdan ko‘z yumgan.
  • Ayrim dalillarga ko‘ra, jahon chempionati bilan bog‘liq yirik qurilish loyihasini amalga oshirish jarayonida majburiy mehnatdan ham foydalanilmoqda.
  • Nepallik ishchilarga esa, oylab maoshlari berilmagan. Harakatlanishlarini cheklash uchun pasportlari olib qo‘yilgan.
  • Ayrim hollarda esa, qurilish sathlarida, hatto, ichimlik suvi ham imkonsiz bo‘lgan.

Qatarlik mulozimlarning qat‘iyan bayon qilishlaricha, qurilish ishlarida band ishchilarga lozim shart-sharoitlar yaratib beriladi.

"2022 yilgi jahon chempionatiga mezbonlik qilish chog‘ida bergan va‘dalarimizning ijrosiga kirisharkanmiz, bu – masala eng ustivorlaridan biri bo‘ladi", - deyiladi ularning bayonotida.

Bundan oldin esa, jazirama yozda Qatarda jahon chempionati o‘tkazib bo‘larkanmi, degan xavotirlar o‘rtaga chiqqandi.

Bu – UEFAga a‘zo ellikdan ortiq davlatning 2022 yilgi birinchilik o‘yinlarini qio‘ga ko‘chirishni yoqlab chiqishlariga ham sabab bo‘lgandi.

FIFA esa, o‘z bayonotida chetdan kelgan mehnat muhojirlari masalasini tashlab qo‘ymasliklari, bu xususda yana qatarlik mas‘ullar bilan bog‘lanishlarini bildirgan.

2022 yilgi jahon chempionatini qishga ko‘chirish masalasini esa, xalqaro tashkilot ijroiy qo‘mitasi 3 va 4 oktyabr kunlari Tsyurixda bo‘lib o‘tajak yig‘ini chog‘ida muhokama etmoqchi.

Eng so‘nggida eslatib o‘tish joiz, O‘zbekiston pley-off bosqichida chiqish imkoniyatidan mosuvo qolgan 2014 yilgi jahon chempionati Braziliyada bo‘lib o‘tadi.

2018 yilgi birinchilik o‘yinlariga esa, Rossiya mezbonlik qiladi.