BMTda Suriyadagi kimyoviy qurolga oid rezolyutsiya muhokama qilindi

Image copyright
Image caption BMT nazoratchilari Suriyada zarin zaharli moddasi ishlatilgani haqida xulosa bildirishgandi

Rossiya va AQSh BMTning Suriyadagi kimyoviy qurol bo‘yicha rezolyutsiya loyihasini ma‘qulladi.

Xavfsizlik kengashi a‘zolari kimyoviy qurol bo‘yicha rezolyutsiya loyihasi bilan ikki hafta mobaynida tanishdilar.

Rezolyutsiya bo‘yicha ovoz berish juma kuni bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.

Rossiya Tashqi Ishlar vaziri Sergey Lavrovga ko‘ra, rezolyutsiya loyihasida Suriyada kuch ishlatish ko‘zda tutilmaydi.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri loyihada qo‘shimchalar kiritiladigan joylar mavjudligini aytgan.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, rezolyutsiya Suriyada kimyoviy qurol ishlatilganini qoralasa ham, lekin buning uchun mas‘uliyat kim tomonda ekanini ta‘kidlamaydi.

Rossiya va AQSh vakillari Suriyadagi kimyoviy qurol zahirasiga taluqli loyiha bo‘yicha ham kelishganlar.

Ayni paytda Suriya 1000 tonna kimyoviy qurol zahirasiga ega deb ko‘riladi.

Suriya Prezidenti Rossiya taklif etgan rejaga binoan kimyoviy qurolni xalqaro nazorat ostiga topshirishga rozilik bergan. Biroq uning yo‘q qilinishi uchun kamida bir yil kerakligini Amerikaning Fox News telekanaliga bergan intervyusida ta‘kidlagan.

Oldinroq BMT nazoratchilari Suriyada zarin zaharli moddasi ishlatilgani haqida xulosa bildirishgandi.

Suriya mojarosidagi tomonlar bir-birini tinch aholiga nisbatan kimyoviy qurol qo‘llaganlikda ayblab keladi.