Qashqadaryoda viloyat hokimi ishdan olindi

Image caption Hokim almashgani Qashqadaryoda paxta dalasida sodir bo‘lgan hodisalarga bog‘liqligi aytilmoqda

O‘zbekistondan kelayotgan xabarlarga ko‘ra, Qashqadaryo viloyati hokimiyatida xalq deputatlarining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tgan.

Sessiyada Prezident Islom Karimovning qatnashgani va yangi hokimni tayinlagani aytilmoqda.

Shu vaqtgacha Qishloq va Suv xo‘jaligi vaziri bo‘lib ishlagan Zafar Sharopovich Ro‘ziyev viloyatga hokim qilib tayinlangan.

Bu haqdagi xabarlarga ko‘ra biroz oldin Qishloq va Suv xo‘jaligi vazirligiga qo‘ng‘iroq qilganimizda, qabulxonadagi xodim vazirning boshqa ishga o‘tgani haqida ma‘lumot bermasligini bildirdi.

Zafar Ro‘ziyevning Qashqadaryo viloyat hokimi qilib tayinlanganini hokimiyat xodimasi tasdiqladi.

Oldingi hokim Turobjon Jo‘rayev 2011 yil 30 noyabrda bungacha 9 yil viloyat hokimi bo‘lgan Nuriddin Zayniyevning o‘rniga tayinlangandi.

Ikkala hokimni ham Prezident Karimovning o‘zi qo‘yib ketgan.

O‘zbekistonda paxta mavsumi boshlangan qizg‘in pallada hokim o‘zgarishi noodatiy holat sanaladi.

Kuzatuvchilarning fikricha, Qashqadaryoda hokim o‘zgarishi viloyatdagi paxta dalalarida sentyabr oyida sodir bo‘lgan o‘lim holatlariga bog‘liq bo‘lishi mumkin.