"Ichkilik yosh bilmaydigan ahvolga yetib qoldik"

Image caption Britaniyada ichkilikbozlik balog‘atga yetmaganlar orasida ham ortib bormoqda

BBC tomonidan olib borilgan so‘nggi tadqiqot natijalaridan ayon bo‘lishicha, o‘tgan yili Britaniyada ichkilikni xurmachasidan oshirib yuborganlik tashxisi bilan 300 ga yaqin bola shifoxonaga keltirilgan.

Ular orasida, hatto, 11 yoshda bo‘lganlarining ham borliklari aytilmoqda.

Mahalliy mas‘ullarning so‘zlaridan ayon bo‘lishicha, hozir spirtli ichimliklar ichish bobida qizlar o‘g‘il bolalarni ortda qoldirishmoqda.

Jamg‘armalar va davlat sog‘liqni saqlash tizimi vakillari, shunda ham, spirtli ichimlik ichayotgan bolalarning soni ko‘p emas, degan fikrdalar.

Ammo, ularga ko‘ra, bolalarning orasida ichkilikka ro‘ju qo‘yayotganlarining soni ko‘p.

Bunga "Buyuk Britaniya Spitrli Ichimliklar va Salomatlik Ittifoqi" raisi professor Yan Gilmorning so‘zlari ham dalolat qiladi.

"Menimcha, 11 yoshdan kichik bo‘lgan bolalar asosan ichkilikni tatib ko‘rishmoqda. Biroq 11 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lganlari ichishni odat qilishni boshlashyapti", deydi u.

Agar, raqamlarga qaralsa, o‘tgan besh yil ichida 18 yoshgacha bo‘lganlar orasida yuz bergan 50 mingga yaqin baxtsiz hodisaga spirtli ichimliklar yoki bangivor moddalar sabab bo‘lgan.

O‘tgan bir yil oralig‘ida esa, 11 yoki undan katta yoshda bo‘lgan uch yuzga yain bola spirtli ichimliklar asoratlari bilan shifoxonaga keltirilgan.

"Ichkilikdan ogohlik" mustaqil jamg‘armasi ijroiy rahbari Eleyn Hindel 11 yoshgacha bo‘lgan bolalar orasida ham ichish hollarining kuzatilayotgani o‘ta xavotirli ekanini aytarkan, ularning ota-onalari hushyor bo‘lishlari shart, deydi.

"Qush uyasida ko‘rganini qiladi"mi?

Agar, Hilen xonimning so‘zlariga qaralsa, ichkilikka ro‘ju qo‘yayotgan bolalarning do‘kondan spirtli ichimlik sotib olish ehtimoli juda kam.

"Biz o‘z tadqiqotlarimiz jarayonida bolalarning o‘zlari bilan ham so‘zlashamiz. Ularning aytishlaricha, ichkilikni o‘z uylaridan, ota-onalari yoki do‘stlaridan olisharkan", deydi u.

Agar, mas‘ullarning o‘z hisob-kitoblariga qaralsa, voyaga yetmagan ichkilikbozlar har to‘rttadan bittasi haftasiga qariyb 4 litr spirtli ichimlik iste‘mol qiladi.

Umuman olganda o‘tgan yili bir milliondan ortiq britaniyalik ichib, shifoxonaga tushgan.

Ulardan aksariyati esa, xurmachasidan chiqquncha ichishgan.

Eng so‘nggida ta‘kidlash joiz, ichkilikbozlarga tibbiy yordam ko‘rsatish Britaniya davlat sog‘liqni saqlash tizimiga yiliga oz emas, ko‘p emas – naq 3.5 milliard funt sterlingga tushadi.