Gretsiyada Sochi Olimpiadasining olovi yoqildi

Image copyright AFP
Image caption Olimpiada mash‘alasi 65 ming chaqirim yo‘lni bosib o‘tadi

2014 yil Sochi qishki olimpiadasiga yetkaziladigan mash‘ala qadimiy Olimpiya qishlog‘idagi Gera ibodatxonasi vayronalarida tashkil qilingan maxsus marosimda oq kiyimdagi aktrisalar tomonidan parabolik ko‘zgu yordamida yoqildi.

Olov estafetasini 18 yoshli grek chang‘ichisi Yannis Antoniu boshlab beradi va uni hokkey bo‘yicha Rossiya terma jamoasining hujumchisi Aleksandr Ovechkinga uzatadi.

Olimpiada mash‘alasi 123 kundan keyin ochiladigan Olimpiadaning tantanali marosimigacha 65 ming chaqirim masofani bosib o‘tadi.

Mash‘alani yoqish marosimida qatnashgan Xalqaro Olimpiya qo‘mitasining prezidenti Tomas Bax nutq so‘zlab, Rossiyani Olimpiada o‘yinlari qadriyatlariga amal qilishga chaqirgan.

Mash‘ala - bu do‘stlik, mahorat va hurmat ramzi hisoblanadi, deb aytgan janob Bax.

71 yoshli Jak Rogning o‘rniga kelgan Tomas Bax Olimpiada o‘yinlaridan siyosiy maqsadlar uchun foydalanmasligi kerakligini ta‘kidlagan.

"Qadim Gretsiyada bo‘lgani kabi Olimpiada o‘yinlari siyosiy muammolarni hal qilolmaydi va odamlar uchun abadiy tinchlikni ta‘minlab berolmaydi. Lekin Olimpiada mash‘ali - bu bizning olimpiada chegaralarimizni anglatib turadi", - deb aytgan janob Bax.

Rossiyaning turli chekkalarida 14 ming sportchi mash‘alani olib o‘tadi. Va nihoyat olimpiada olovi Xalqaro fazo stantsiyasiga, Baykal ko‘li tubiga hamda Ovro‘poning eng baland Elbrus tog‘i cho‘qqisiga olib borilishi kerak.

2014 yil 7 fevral kuni esa Sochi Qishki Olimpiada o‘yinlarining olovi yoqiladi.