Nigeriyada jangarilar uxlab yotgan talabalarni otib tashlashgan

Image copyright AFP
Image caption Qonli hodisa talabalar uxlab yotgan paytda sodir etilgan

Nigeriyaning "Boko Haram" islomiy guruhi Qishloq xo‘jalik kolleji yotoqxonasiga bostirib kirib, kamida 50 talabani otib tashlagan.

Universitet rahbarlari aytishicha, qurolli kishilar o‘quv xonalariga qarata ham o‘q uzib, yoqib yuborishgan.

Mamlakatning shimoliy Yobe viloyatida joylashgan yotoqxonada qonli hodisa talabalar uxlab yotgan vaqt sodir etilgan.

Xabarlarga ko‘ra, 1000 ga yaqin talaba binodan qochib chiqqan.

Jangarilarning ushbu hujumdan maqsadi noaniq, qurbonlar soni ham ortishi mumkinligi aytilmoqda.

May oyida jangarilarning qator hujumlari orqasidan Nigeriya Prezidenti Gudlak Jonatan Boko Haramga qarshi harbiy amaliyotlar e‘lon qilgandi.

Boko Haram maktablarga G‘arb madaniyati ramzi sifatida qaraydi. Tashkilot nomi ham "G‘arb ta‘limi haromdir" degan ma‘noni anglatadi.

2002 yil tuzilgan "Boko Haram" tashkiloti Nigeriyada shariat qonunlari joriy etilishi uchun kurashib keladi.

Jangarilar bundan oldin ham bir necha bor maktab va universitetlarga hujum uyushtirib, talabalarni o‘ldirib ketgan.

Maydaguri tumanidagi maktabda 10 talaba, Damaturuda echa 13 talaba va o‘qituvchilar o‘ldirilgan edi.

Iyul oyida Mamudu qishlog‘iga islomiylar hujumi oqibatida asosan talabalardan iborat 42 kishi halok bo‘lgan.

"Boko Haram"ga Abubakr Shayx rahbarlik qiladi. Nigeriya harbiylari uni oldingi otishmalarda o‘ldirilganini taxmin qilishgan edi.

Biroq o‘tgan haftada e‘lon qilingan videoda Abubakr Shayxning o‘zi ko‘ringan.

Oldin ham uning o‘limi haqida chiqqan xabarlar tasdiqlanmagan.