OXHT o‘zbek-qirg‘iz chegara hududlarida aholi bilan hamkorlik qilmoqchi

Image caption Farg‘ona vodiysidagi chegara muammolarini hal qilishda OXHT o‘zining ko‘p yillik tajribasiga tayanib ish tutishini aytadi

Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti (OXHT) O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegaralari tutash hududlarda yangi bir loyihani amalga oshira boshlagan.

Tashkilotning Bishkekdagi vakolatxonasi qirg‘iz-o‘zbek sarhadlariga tutash hududlarda vaziyatning keskinlashib ketishini oldindan bartaraf etishga qaratilgan choralarga qo‘l urmoqda.

Vakolatxona rejasiga muvofiq, yangi loyihaga chegara xizmatlari, mahalliy hokimiyatlar va huquq-tartibot idoralari bilan birga mahalliy aholini ham jalb etish ko‘zda tutilgan.

Yangi loyiha bo‘yicha BBC Bishkekdagi OXHT vakolatxonasining chegara masalalari bo‘yicha maslahatchisi Dmitriy Zagrotskiy bilan suhbatlashdi.

Avvaliga BBC janob Zagrotskiydan chegaraga tutash hududlarda barqarorlikni saqlash uchun OXHTda qanday imkoniyatlar bor, deb so‘radi.

Dmitriy Zagrotskiy: Biz oldin ham jurnalistlarga chegaraga tutash hududlarda vaziyat keskinlashib ketsa, birinchi navbatda, nizo va janjallarni imkon kadar ertarok bartaraf etish choralari borasida ma‘lumot berganmiz. Bu - Ovrupoda Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining o‘z vakolati doirasidagi eng muhim vazifalaridan biridir. Biz bu hududlarda chegarachilardan tortib to ichki ishlar va milliy xavfsizlik organlari, davlat va mahalliy hokimiyat idoralaridan tortib to oddiy aholiga qadar hamjihatlikda hamkorlik qilish uchun imkoniyatlar barpo etish harakatidamiz. Biz barpo etgan, ta‘biri joiz, "majlis maydonchalari"da chegaraning ikki tomonidagi mas‘ul idoralar va mahalliy aholi vakillari ma‘lumot almashadilar. Masalan, chegarachilar o‘z sohalariga taaluqli qonunlardagi o‘zgarishlar haqida ma‘lumot beradi va ba‘zi holatlar bo‘yicha ogohlantiradi. Militsiya va milliy xavfsizlik xodimlari ham o‘zlariga tegishli o‘xshash ma‘lumotlarni e‘lon qiladi.

BBC: Tashkilotning yangi loyihasida oddiy aholiga qanday o‘rin beriladi?

Dmitriy Zagrotskiy: Chegara hududlardagi mahalliy aholi orasida ular faqat oddiy aholi emas, balki shu hududni boshqarish va mintaqa xavfsizligi bilan shug‘ullanishga qodir odamlar ekani to‘g‘risida tushuncha paydo qilish niyatidamiz. Ular hadeb muammolar haqida gapiravermasdan, ayni muammolarni hal qilish yo‘llarini ham ko‘rsatib, o‘z talab va takliflarini bildirish imkoniga ega bo‘lishlari kerak. Bu harakatlarning o‘zi ushbu hududlarda vaziyat keskinlashib ketishdan ancha oldin uning oldini olish imkonini yaratadi. Mahalliy aholi kundalik hayotida oddiy ishlar bilan band: chorvasini boqishi kerak, hosil yetishtirishi zarur, farzandlarini maktabu bog‘chaga, o‘zlari esga ishga qatnashlari zarur... Kundalik hayot oqimida chegaraga taalluqli muammo paydo bo‘lsa, chegarachilar va huquq-tartibot xodimlari bilan birga oddiy aholiga ham o‘sha muammoni hal qilishga huquq va imkoniyat berish kerak. Farg‘ona vodiysidan o‘tgan chegara chiziqlariga qarashli hududlarda ham muammolar yetarli, ularning aksari chegaralar amalda belgilanmasdan paydo bo‘lmoqda. Lekin oddiy odamlar o‘sha chegaralarni davlat rasmiylari xaritalarda tasdiqlab olguncha kutib o‘tiravermaydi-ku!

BBC: Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Tojikiston kesishgan Farg‘ona vodiysida chegara muammolarini hal qilishda siz vakili bulgan xalkaro tashkilotning imkoniyatlari qanchalik?

Dmitriy Zagrotskiy: Ayni mintaqadagi chegaralar muammosi tarixiga nazar tashlasak, nafaqat Farg‘ona vodiysida, balki, sobiq Sovet Ittifoqi bilan Xitoy o‘rtasidagi chegara talashlari yodimga keladi. Men bu haqda yaxshi bilaman, chunki o‘zim ham Sovet Ittifoqi va Xitoy chegarasida voyaga yetganman. U yerda muammolar tez-tez chiqib turardi. Qaysi davlatlar o‘rtasida chegara bo‘lsa, ayni shu chegaradagi munosabatlar tabiati va xususiyati ikki davlat munosabatlariga bog‘liq bo‘ladi. Bu barcha mamlakatlarga xos. Mana, AQSh va Kanada o‘rtasidagi chegara chizig‘i kuplab yillar davomida belgilanib, tarix bo‘yi shakllangan. Shunday esa-da, mazkur ikki davlat o‘rtasida ham ba‘zida muammolar vujudga kelib turadi. Masalan, AQSh va Kanada o‘rtasidagi chegarasida juda qalin o‘rmon mavjud yoki chegarani daryo ikkiga bo‘lib turadi. Mana shu holatlar bu ikki davlat o‘rtasidagi chegara masalalarida ham ba‘zida muammolarni tug‘diradi. Lekin Fargona vodiysi haqida gap borganda tashkilotimizning o‘nlab yillar davomida yiqqan tajribasi uch davlat o‘rtasidagi chegara masalalarini hal qilishga imkon beradi, deb fikr bildirishga asos beradi.