"Qur‘on"ni yakson etmang, musulmonlar g‘azabiga qolasiz"

Image copyright RIA Novosti
Image caption Islom Rossiyada nasroniylikdan keyin ikkinchi yirik din hisoblanadi

"Qur‘on"ni yakson etmang, musulmonlarning g‘azabiga qolasiz".

Rossiyalik yuqori rutbali musulmon ulamolari kuni-kecha mamlakat rahbariyatiga ana shunday murojaat bilan chiqishgan.

Ularning ogohlantirishlaricha, agar "Qur‘oni Karim"ning izohli tarjimasini yo‘q qilishga oid mahkama hukmi bekor qilinmasa, Rossiya ichkari va tashqarisida musulmonlarning keskin noroziliklariga sabab bo‘lishi mumkin.

O‘tgan seshanba kuni janubiy Novorossiysk shahar mahkamasi amaldagi aksilekstremizm qonuni asosida ekanini aytib, musulmonlar muqaddas kitobining ozarbayjonlik ilohiyotshunos talqinidagi tarjimasining asli va nusxalarini yo‘q qilishga hukm qilgandi.

Buyuk Britaniyaning nufuzli Reuters axborot agentligi xabar berishicha, agar, shikoyat arizasi asosida bekor qilinmaydigan bo‘lsa, mahkama hukmi butun Rossiya bo‘ylab kuchga kiradi.

Inson huquqlari faollariga ko‘ra, bu – "Qur‘oni Karim"ning o‘zini taqiqlashga yaqin ish bo‘lishi mumkin.

Ochiq maktub

Rossiya Muftiylar Kengashi bu xususda o‘zning jiddiy xavotirlarini izhor etib, prezident Vladimir Putinga ochiq maktub yo‘llagan.

Chunki Rossiya rahbari mamlakatdagi yetakchi dinlar vakillarini bahamjihatlikka undab, etnik tangliklar mamlakatni parchalashi mumkinligi haqida tez-tez oshkora chiqishlar qilib turadi.

Reuters, o‘z o‘rnida, Rossiya Muftiylar Kengashi rahbari muovini Rushan Abbyasovning, "Bu kabi mudhish qarordan rossiyalik musulmonlarning boshlari qotib qoldi", - degan so‘zlaridan iqtibos keltiradi.

Kremlga yaqin, deb ko‘riluvchi ulamoning ogohlantirishicha, agar mahkama hukmi o‘z kuchida qolsa, "Birgina Rossiyaning o‘zida emas, dunyoning boshqa qismlarida ham noroziliklar kelib chiqishi mumkin".

Unga ko‘ra, "Bu yerda so‘z "Qur‘oni Karim"ni yo‘q qilish haqida ketayapti".

Kengash o‘zining prezident Putinga yo‘llagan ochiq maktubida, "Qur‘on"ni yoqish bilan tahdid qilgan amerikalik pastor Terri Jonsning xatti-harakatlari Yaqin Sharq va Afg‘onistonda qanday zo‘ravonliklarga sabab bo‘lgani"ni misol tariqasida tilga oladi.

"Bundan avval Rossiyada kitoblar, ayniqsa, dinlar uchun muqaddas bo‘lganlarining yoqilishi qanday qarshi olinganini yaxshigina muhokama etib olish kerak bo‘ladi", - deyiladi maktubda.

Shikoyat arizasi

Ozarbayjonlik ilohiyotshunos Elmir Quliyevning himoyachilari esa, mahkama hukmi yuzasidan shikoyat arizasi bilan chiqishmoqchi.

"Bir tomondan, Rossiyada diniy e‘tiqod erkinligi amal qiladi. Boshqa tarafdan, ular fundamental diniy matnlarni taqiqlashmoqda", - deydi himoyachi Murat Musayev.

Ekspertlarga ko‘ra, Elmir Quliyevning o‘n yildan ortiqroq vaqt sarflab qilgan tarjimasi hurmatga loyiq va rus tiliga o‘girilgan to‘rtta "Qur‘oni Karim"dan bittasidir.

Rossiya Fanlar Akademiyasining Islomshunoslik bo‘yicha yetakchi mutaxassislaridan Ahmed Yarlikapovning aytishicha, "Bu – mukammal darajada qilingan tarjimadir".

"Quliyevning mehnatini man etish o‘ta neprofissional ish bo‘ladi. Qon to‘kish haqida so‘z ketgan o‘rinlari bo‘lgani uchun, deylik, "Injil"ni ham osonlik bilan taqiqlash mumkin-ku", - deydi u.