Moskvada mehnat muhojirlari yotoqxonasida mushtlashuv bo‘lgan

Image copyright AFP
Image caption Меҳнат муҳожирларини нафақат ҳуқуқ тартибот ходимлари, балки рус миллатчи ёшлари ҳам хоҳлаганча текшира бошлаган.

Rossiya axborot agentliklariga ko‘ra, shanbaga o‘tar kechasi Moskvaning Kapotnya tumanida bir guruh g‘azablangan odamlar Markaziy Osiyodan borgan mehnat muhojirlari yotoqxonasiga bostirib kirishgan.

Xabarlarda ularning soni 40 dan 200 tagacha ekani yozilmoqda.

Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, qo‘llarida armatura bo‘laklari bo‘lgan olomon yotoqxonani o‘rab olib, "Biz o‘ch olamiz!" deb qichqirishgan. Ko‘zlari tushgan muhojirlarni ura ketishgan.

Shuningdek, ular yuzlariga niqob kiyib olishgan va ruslarga tegmasliklarini aytishgan.

Mahalliy millat vakillari esa, rus bolalar muhojirlarning hujjatlarini tekshirgani kelgani, farrosh yigitlar ularga pichoq bilan otilishganini gapirib bergan politsiyaga.

Zo‘ravonliklar tushirilgan videoni Youtube tarmog‘idan ham ko‘rish mumkin. Video lavhalarda qo‘llarida uzun temirlar bo‘lgan yosh yigitlar g‘azab bilan yotoqxonadagi eshiklarni tepayotgani, so‘kinayotgani, eshikni ochishni talab qilayotgani ko‘rinadi.

Shuningdek, ikki o‘rtada o‘q otilgani, odamlar vahimada ko‘chaga otilib chiqqani aks etgan. Bir qiz yaralangan deyilmoqda.

Voqea joyiga politsiya kelgani , hodisa tafsilotlarini surishtirib, o‘nlab mehnat muhojirlarini politsiya bo‘limiga olib ketgani xabar qilinadi.

Keyinrov "Shchit Moskvy" harakati o‘z a‘zolari bu tekshiruvni o‘tkazganini yozgan.

Voqea yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Huquq faollariga ko‘ra, Rossiyadagi mehnat muhojirlariga nisbatan bunday harakatlar sodir bo‘lishi odatiy voqeaga aylanib bormoqda va bu shafqatsiz munosabat juda xavotirlidir.

Vokzal, metro va bozorlarda o‘zini tartib o‘rnatuvchi "ko‘ngillilar" deb atayotgan rus yoshlari mehnat muhojirlaridan hujjat so‘rashi va qo‘pollik qilishi haqida tez-tez aytilmoqda.

"Bunga ular olib borayotgan zo‘ravonliklar aksariyat hollarda javobsiz qolayotgani sabab bo‘lmoqda. Politsiya qo‘liga tushgan millatchi yoshlar esa yana hech bir jazosiz qo‘yib yuborilayotgani ularni ilhomlantirmoqda".