Saudiya Arabistoni: mashina boshqarish ayolning tuxumdoniga ta‘sir qiladi

Image copyright AP
Image caption Saudiya Arabistonida rasman taqiqlanmagan bo‘lsada, ayollarning mashina haydashiga ruxsat berilmaydi

Bu haqda saudiyalik diniy ulamolardan biri shayx Solih Loxaydan mamlakatda ayollarga mashina haydashga ruxsat berish haqidagi kampaniyaga javoban bildirgan.

Shayxning so‘zlariga binoan, rulda doimiy o‘tiradigan ayollarda nuqsonli bola tug‘ish xavfi oshadi.

Shu bilan birga janob Loxaydan ayol kishi mashina haydashi mumkin bo‘lgan holatlarni qo‘shimcha qilgan.

Ya‘ni qachonki eri yarador bo‘lganda yoki ular cho‘lning o‘rtasida qolib ketgan qiyin vaziyatlar taqozo qilganda ayol mashina rulini boshqarishi mumkin, degan u.

Saudiya Arabistonida rasman taqiqlanmagan bo‘lsada, ayollarning mashina haydashiga ruxsat berilmaydi.

Ayollarga mashina haydashga ruxsat berilishini so‘rab 12 ming kishi imzo chekkan.

Biroq ayollarning ushbu huquqlarini yoqlab kampaniya boshlagan tashkilotchilar ularning raqamlari Twitter ijtimoiy tarmog‘ida to‘sib qo‘yilganini aytishmoqda.

Ruxsat bermaslik uchun asos ko‘rsating, deyishgandi ayollar

Ayollarning haydovchilik huquqlari uchun boshlangan kampaniya 26 oktyabrda norasmiy to‘siqqa qaramasdan ularning rulga o‘tirishlarini tashkillashtirmoqchi.

Bu g‘oya Imon al Nafjanga tegishli bo‘lib, o‘sha kuni ayollarning rulga o‘tirishlari sodir bo‘ladi deb ishonadi.

Unga ko‘ra, jamoat harakati barcha saudiyaliklar uchun jinsidan qat‘iy nazar bir xil bo‘lishi kerak.

Ko‘pgina nufuzli saudiyaliklar bu g‘oyani quvvatlashlarini bildirishgan. Shuningdek kampaniyaning web-saytida mashina haydayotgan ayolning videosi joylashtirilgan.

Shams ismli qo‘shiqchi kampaniyaga bog‘liq "Haydash bizning huquqimizdir" degan qo‘shiq ham yozgan.

Image copyright AP
Image caption Ayollarni mashina haydash huquqidan mahrum qilish, ularni doim erlariga tobe qilib qo‘yadi, deydi saudiyalik xotinlar

Imon al Nafjan boshlagan harakat murojaatida "Saudiya hukumatida balog‘atga yetgan ayollarning mashina haydashiga ruxsat bermaslik uchun hech qanday asosi yo‘q ekan, mashina boshqarishga layoqatli va bu huquqni olishga ishtiyoqmand ayollar bunday imkon bilan ta‘minlanishiga chaqiramiz", deyiladi.

Bu esa Saudiya hukumati ayollarga mashina haydashni taqiqlashni hamon davom ettirar ekan, buning uchun haqiqiy va yuridik asoslarini ko‘rsatishi kerak bo‘ladi deganidir.

Oxirgi paytlar Saudiya Arabistonida ayollarga saylovlarda ovoz berishga ruxsat etilmoqda.

Lekin ko‘pchilik saudiyalik ayollar buni hukumatning ko‘zbo‘yamachiligi sifatida ko‘radi.

Ularga ko‘ra, ayollarga haqiqiy erkinlik berish uchun , erkaklarga har doim tobe qilib qo‘yish an‘analarini buzish kerak. Jumladan mashina haydashga ruxsat bermaslik ham asosiy vaqti oiladan tashqarida bo‘ladigan erlarga ayollarni doim tobe qilib turadi, deb hisoblaydi ular.

Saudiya qirolligida bundan 20 yil oldin ham ayollarning mashina haydashiga ruxsat berish kampaniyasi boshlangan, lekin samarasiz tugagan edi.