BBC mehmoni farg‘onalik huquqbon Bahodir Eliboyevga savol bering

Bahodir Eliboyev
Image caption Bahodir Eliboyev jamoatchilikka majburiy bolalar mehnati va korruptsiya hollari bo‘yicha ma‘lumotlar berib boradi

Farg‘onalik jurnalist va inson huquqlari faoli Bahodir Eliboyev bbcuzbek.com o‘quvchilari va tinglovchilarimizning savollariga javob beradi.

"O‘zbekiston mustaqil huquq himoyachilari tashabbus guruhi" faoli Bahodir Eliboyevga savollaringizni sahifamiz ostidagi maxsus forma orqali yoki uzbek@bbc.co.uk elektron manzilimizga yo‘llang.

Bahodir Eliboyev 1980 yil 28 aprelda Farg‘ona viloyati Rishton shahrida tug‘ilgan.

Oiladagi besh farzandning uchinchisi.

1992 yili Farg‘ona shahrida ochilgan O‘zbekiston-Turkiya hamkorligidagi o‘zbek-tur litseyiga o‘qishga qabul qilindi.

1999 yili Toshkentdagi O‘zbekiston davlat Jahon tillari universiteti xalqaro jurnalistika fakultetiga kirdi.

2003 yili o‘qishni bitirib, "Yosh kuch" jurnalida ishlay boshladi.

2003 yil nihoyasida "Darakchi" gazetasining "Siyosat va iqtisod" bo‘limiga ishga qabul qilindi.

2005 yilda esa Bahodir Eliboyev o‘z hamfikrlari bilan birgalikda "Sat-ranj" ijtimoiy-siyosiy gazetasini ochdi va bu gazetaga bosh muharrirlik qila boshladi.

O‘zbekistondagi ijtimiy-siyosiy jarayonlarni yorita boshlagan mazkur gazeta 3-sonidan keyin berkitildi.

Ortidan Bahodir Eliboyev "Market" nomli boshqa bir gazetani ochdi, ammo bu gazeta ham ikkinchi sonidan keyin yopildi.

"Afsuski, biz berib borgan maqolalar "O‘zbekiston Ovozi" gazetasida "mentalitetimizga to‘g‘ri kelmadi" degan xulosa bilan yopildi", deydi Bahodir Eliboyev.

2006 yilda Bahodir Eliboyev davlat nashri bo‘lmish "Savdogar" gazetasiga ishga qabul qilinadi.

"Biroz muddat o‘tgach, bu gazeta ham yopildi", - deydi Bahodir Eliboyev. - "Shundan keyin men uchun har qanday tahririyat eshiklari yopildi".

Ayni yilda taniqli inson huquqlari faoli Surat Ikromov bilan hamkorlik qila boshlaydi va bir yil davomida huquqbonlik sirlarini o‘rganadi.

2007 yildan buyon Farg‘ona viloyatida Surat Ikromov tuzgan guruh - "O‘zbekiston mustaqil huquq himoyachilari tashabbus guruhi"ning Farg‘onadagi vakilidir.

Bahodir Eliboyev majburiy bolalar mehnati, korruptsiya va chegara muammolarini yoritib keladi.

Oilali, uch nafar o‘g‘li bor.

BBC mehmoni savollaringizga ham internet va ham radio orqali javob beradi.

Suhbatning radio versiyasini shanba va yakshanba kungi "Daraklar" dasturida tinglay olasiz.

Savollarini radio uchun o‘z ovozlari bilan berishni istagan tinglovchilarimizdan o‘zlarining telefon raqamlarini ham yozib yuborishni so‘raymiz.

Ruknimizning keyingi mehmonlari kimlar bo‘lishini istaysiz?

Bu haqdagi fikrlaringizni kutib qolamiz.