Xayr, AQSh pasporti yoki menga Amerika fuqaroligi kerak emas

Image copyright
Image caption Soliq to‘g‘risidagi yangi qonun amerikaliklarni o‘zga diyor fuqaroligini qabul qilishga undamoqda

Agar, rasmiy ma‘lumotlarga qaralsa, joriy yilda Amerika fuqaroligidan voz kechgan insonlarning soni "osmonga sapchib ketgan".

Deylik, o‘tgan yilning xuddi shu choragida 189 ta kishi Amerika pasporti bilan xayr-xushlashgan bo‘lsa, bu yil mingdan ortiq amerikalik o‘zga mamlakat fuqaroligini ixtiyor etgan.

Agar, chetdagi amerikaliklarning soni 6 million ekani nazarda tutilsa, bu kichik raqam ham bo‘lib tuyulishi mumkin.

Ammo o‘sish sur‘atining qanchalik jadal ekani ko‘pchilikning e‘tiborini o‘ziga tortmoqda.

Ayon bo‘lishicha, asosan xorijda yashab, ishlayotgan amerikaliklar orasida bu kabi "radikal" qadamga borayotganlarning soni ko‘pchilikni tashkil qiladi.

Ularni o‘z fuqaroliklarini o‘zgartirishga undayotgan asosiy omil esa, Soliq to‘g‘risidagi yangi qonun ekan.

Gap nimada?

Amerika pasportidan voz kechgan fuqarolarining rasmiy ro‘yxatini taqdim etgan mas‘ul idoralar buning sababini izohlashmagan.

Ammo, o‘zga mamlakat fuqaroligini ixtiyor etgan amerikaliklarning o‘z so‘zlariga quloq tutilsa, "hamma balo" soliqda.

Amerikada kelasi yilning 1 iyulidan boshlab xorijdagi bank hisoblaridan olinuvchi soliqlar to‘g‘risidagi yangi qonun kuchga kiradi.

Yangi qonunga muvofiq, dunyoning barcha moliyaviy idoralari hisobida 50.000 AQSh dollari bo‘lgan amerikalik haqida AQSh Ichki Soliqlar Idorasi(IRS)ga to‘g‘ridan-to‘g‘ri hisob berishlari shart bo‘ladi.

Agar, itoat etishmasa, Amerika bu kabi banklarning dividentlari va foydalarining 30 foizini ushlab qoladi.

Amerikalik mas‘ullarga ko‘ra, chetdagi fuqarolari to‘lamay kelayotgan soliq miqdori yiliga 100 milliard dollarni tashkil qiladi va shu yo‘l bilan ulardan qarzlarini undirib olishmoqchi.

Ya‘ni, boshqa mamlakatlardan farqli tarzda, AQShda nafaqat mamlakatning o‘zida yashovchi, balki chetdagi amerikaliklar ham soliqqa tortilishadi.

"Qo‘rqinchli tushga o‘xshaydi"

Soliq to‘g‘risidagi yangi qonun chetdagi ayrim amerikaliklarni uyqudan uyg‘otib yuborish darajasida ta‘sirga ega bo‘libdi.

Ularning shu paytgacha FBAR deb ataluvchi forma orqali o‘z daromadlari va bank hisoblari haqida ma‘lumot berishlarini ko‘zda tutilgan.

Ammo ko‘pchilik yo‘lini qilib, undan qochib yurgan.

Yangi qonun esa, ularni hushyor torttirmay qo‘ymagan.

Chunki amerikalik soliq mas‘ullari endi chetdagi fuqarolarining moliyaviy ahvollari haqida ko‘p narsadan xabardor bo‘lishadi.

Chetdagi amerikaliklar ham buni anglab, soliq to‘lashmasa, katta miqdorda jarimaga tortilishlarini bilishadi.

Mas‘ullar yangi qonunchilikdan maqsad – fuqarolaridan qarzlarini undirib olish ekanini da‘vo qilishmoqda.

Biroq, yangi tashabbus tanqidchilariga ko‘ra, ularning badavlat amerikaliklarni soliqqa tortish harakatlari deb, oddiy odamlar tashvishga qolishadi.

Lozim hujjatbozliklarni deb ularning ozmuncha pullariyu vaqtlari ketmaydi.

Ayon bo‘lishicha, hozir yangi qonun chetdagi amerikaliklar suhbatlarining asosiy mavzusiga aylangan.

Buning qanday chorasini topishni o‘ylab, Amerikadagi himoyachilarining ham boshlari qotgan.

Biroq AQSh Moliya vazirligi yangi qonundan voz kechmaslik ahdida qat‘iy turibdi.