Afg‘oniston: kommunist tuzum vahshatlaridan xotiralar

Afg‘onistonda ikki kunlik motam davom etmoqda. 1970 yillarning oxirida kommunist hukumat qurbonlari yodi xotirlanmoqda.

Ayni motam marosimlariga avvalroq 5000 nafar qurbon bo‘lganlar va yo bedarak ketganlarning ro‘yxati chop etilgani sabab bo‘lgan.

Aksariyat hukumatning an‘anador va yo islomiy muxolifati va yoki raqib kommunist guruhlarning vakillari bo‘lishgan.

BBC Afg‘on Xizmati muharriri Lutfullo Latif Puli Charxiydagi vahshatnok qamoqxonadan omon chiqqanlardan biri...

1978 yilning noyabri edi. Men Kobulda Sog‘liqni saqlash vazirligida ishlardim. Kunlardan bir kun hamkasblarim pastda kimlardir meni so‘rayotganini aytib qoldi. Uch rasmiy meni Ichki ishlar vazirligida so‘roq qilishmoqchi ekanlarini aytish uchun kelgan edi.

Ko‘nglim bu yaxshilik bo‘lmasligi mumkinligini sezib turardi. Chunki, men faol talabalardan edim. O‘sha vaqtda hukumat ko‘p odamlarni hibs qilinayotgani hammada shubha uyg‘otgandi.

Ammo, men hali bu 13 oy davom etadigan va hamon meni tark etmagan dahshatning boshlanishi ekanini bilmas edim. Meni vazirlikka olib ketishdi va bir hafta so‘roq qildilar.

Har tun ular soat 12 va yo 1 larda kelishar va beriladigan savollar hammasi "hukumatga qarshi til biriktirganlarni taniysanmi" degan masalaga jo bo‘lardi. "Maxfiy yig‘inlarda qatnashganmisan, kim rahbarlaring, ularning maqsadi nima?" deb so‘rashardi. Men ular nima haqida gapirayotganini bilmasdim. Bir tun ular elektr ishlab chiqaradigan kichik bir uskuna olib kelishdi. Bu uskunaning bir chetida murvati bor edi. Ikki simini mening oyoq barmoqlarimga ulashdi.

Ular murvatni burashdi va men elektr quvvati zarbidan qiynalardim. Ular murvatni battarroq burashardi. Har tun shu takror bo‘lardi. Ulardan biri menga: "Qara, agar, biror narsa deb yozib bermasang, hech qachon bu yerdan chiqmaysan", deb aytdi. Men bir narsalar to‘qishga majbur bo‘ldim. Hech kimni ayblamadim, albatta... Bir haftadan keyin meni qayergadir olib ketishdi. Men ozod bo‘ldim deb o‘ylagandim, ammo meni Puli Charxi qamoqxonasiga olib kelishdi.

Bizni katta bir xonaga qamashdi. 120 ta mahbus bor edi. Hammamizda bir parchagina yotish uchun joy bo‘lib, ikkita ko‘rpa berishgandi. Tabiiy, yerda yotar edik. Biz oyoq cho‘zish uchun ham navbat qilardik.

Chunki 120 nafar mahbus bir paytning o‘zida yotolmas va yo yurolmas edi. Kuniga ikki marta hovliga olib chiqishardi. Oqar suv yo‘q edi. Hammayoq iflos va kir. Bir katta idishga suv quyib qo‘yishgandi.

Hojatxonalar ham taxtadan yasalgandi. Yuzlab mahbuslar navbatga turishardi. Tanaffusning o‘zi o‘sha hojatxonalarga navbat kutishga ketar edi. Ovqat yeb bo‘lmaydigan darajada aynigan edi, aksariyat faqat qotgan non va choyga qanoat qilardi. Ovqat yedingiz kasal bo‘lardingiz...

Oilam esa bilishmasdi qayerda ekanligimni...Ular har kuni qamoqxonaga qatnashgan va nihoyat uch haftadan keyin kiyimlar va ozgina pul o‘tkazishga muvaffaq bo‘lganlar...

Qariyb to‘rt oy shunday o‘tdi. Keyin Prezident o‘rinbosari Hafizullah Amin Prezident Nur Muhammad Tarakini o‘ldirdi... Shundan keyin qamoqhona noziri o‘zgardi. Hayot biz uchun ham yaxshilana bordi...Tashqariga ko‘proq chiqarishardi. Gazetalar bera boshlashdi. Kichkina televizion olib kelib berishdi.

Ular bizga siyosiy hayot yaxshilanganini ko‘rsatmoqchi bo‘lishardi, ammo tashqaridan dahshatli xabarlar kelar edi. Ko‘plab odamlar hibsga olingan va qatl qilingani haqida xabarlar edi... Kunlarning birida 200 nafar mahbusni olib ketishdi va ko‘p o‘tmay bizga o‘q ovozlari eshitildi.

Mish mishlarga ko‘ra, ular qamoqxona tashqarisidagi bo‘sh dalalarga olib chiqib mahbuslarni otishgan ekan... Ancha o‘tgandan keyin bu yerdan qabrlar va jasadlarni topishdi...

Qamoqxona ichida esa... ayrim paytlar mahbusxona qo‘mondoni har bir xonaga kirib chiqardi. Mast-alas qo‘lidagi tayog‘ini ishga solardi. U bizga hukumatning barcha dushmanlari qanday qilib yo‘q qilishini haqida ma‘ruza o‘qir edi. Biz qarsak chalib turishimiz kerak edi. Qarsak chalmaganlarni urishardi. Bir kuni mening yonimda o‘tirgan mahbus uxlab qoldi. Bechorani shunaqa kaltakladiki, uning qovurg‘alari, jag‘i sindi... Uni olib ketishdi va boshqa uni biz qaytib ko‘rmadik.

1979 yilda Sho‘rolar Armiyasi Prezidentni ag‘dardi.

Kechqurun soat sakkizlarda otishma ovozlarini eshitdik. Soat o‘nlarda askarlar qamoqxonani ishg‘ol qilishdi.

Biz rus va afg‘on askarlarini koridorlarda yugurib yurganini ko‘rdik. Ular bizning xonalarimizga kelishdi va ertaga ozod bo‘lishimizni aytishdi.

Ertasi kuni avtobuslarda bizni shahar markaziga olib kelib ozod qilishdi. Men o‘z jiyanim bilan birgalikda taksi olib uyga keldim. U ham men bilan birga zindonband etilgandi.

Uyga kelgach, jiyanim onamga: "Qarang, men kimni olib keldim. Aytgandim, sizga topib kelaman deb..." - dedi.