O‘zbekiston: yana bir necha aeroportga xalqaro maqom berildi

O‘zbekiston hukumati mamlakatdagi yana bir necha viloyat markazlaridagi havo qo‘nalg‘alariga xorijiy mamlakatlardan uchoqlarni qabul qilish va chetga parvoz qilishga ruxsat bergan.

Shu paytgacha Toshkent, Samarqand va Nukus havo bandargohlariga xalqaro aeroport maqomi berilgan edi.

Bundan keyin Andijon, Namangan, Farg‘ona, Qarshi va Termiz aeroportlari ham chet mamlakatdan parvozlarni qabul qila oladi, tashqariga yo‘lovchilarni jo‘nata oladi.

O‘zbekiston viloyat markazlaridagi aeroportlar Sho‘rolar zamonida qurilgan.

Bundan tashqari SSSR paytida Qoraqalpog‘istonda To‘rtko‘l va Surxondaryo viloyatida Sariosiyo aeroportlari faoliyat yuritgan.

O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan keyin ham bu ikki aeroportdan poytaxt Toshkentga parvozlar amalga oshirilgan.

Lekin To‘rtko‘l aeroportida yo‘lovchi uchog‘i halokatga uchraganidan keyin To‘rtko‘l va Sariosiyo aeroportlarini yopishga qaror qilingan.

Oxirgi yillarda o‘zbekistonliklarning chet elga chiqishlari ko‘paygan, bu esa xalqaro maqomga ega aeroportlar ishini qiyinlashtirgan.

Toshkent aeroportida yo‘lovchilarga xizmat o‘ta qoniqarsiz ekani tobora ko‘p noroziliklarga sabab bo‘lib kelmoqda.