Britaniyada bepul musulmon maktabi yopib qo‘yildi

Image copyright AFP
Image caption Iddaolarga ko‘ra, maktabda o‘quvchi qizlar hijob o‘rashga majburlangan

Britaniya hukumatining Ofsted idorasi qattiqqo‘l musulmon qoidalari, xususan qizlar va bolalarni ajratuvchi sinflarni tadbiq qilgan maktabni yopgan.

BBCga ma‘lum bo‘lishicha, Ofstedning tanqidi shunchalar qat‘iy bo‘lganki, Derbi shahridagi Al Madina musulmon maktabining rahbariyatida uni yopishdan boshqa iloj qolmagan.

Maktab yopilishini rahbariyat "sog‘liq va xavfsizlik" masalasiga bog‘liq ekanini aytib, yaqin orada qayta ochilishini bildirgan.

Al Madina o‘tgan yil sentyabrida bepul maktab sifatida ochilgandi.

Matbuotdagi qator maqolalarda Al Madinaning ismi oshkor etilmagan bir necha xodimlari qizlar sinfxonaning oxirgi partalarida o‘tirishga majburlanganini aytganlar.

Ular qiz o‘quvchilar musulmon yo musulmon emasligidan qat‘iy nazar, hijob o‘rashga majburlanganlarini ham bildirganlar.

Al Madina ochilganida Britaniyadagi ilk bepul musulmon maktabi edi.

Maktabning ilk direktori Andryu Katts-Makkey lavozimda bir yildan kam xizmat qilishi ortidan maktabni tark etgan.

O‘tgan hafta maktabning ijrochi direktori BBCga o‘z xodimlaridan o‘quvchilar ustboshi borasida hech qanday shikoyat olmagani, hamda o‘g‘il bolalar va qizlarga teng munosabat qilinayotganini aytgan.

Ofsted Al Madina haqida xavotirlarga ega bo‘lgan yagona tashkilot emas.

Britaniyada ta‘limni moliyalovchi agentlik ham maktabda yuz bergani da‘vo qilingan moliyaviy qonunbuzarliklarni tergov qilmoqda.

Ta‘lim vazirligi Ofsted tanqididan avval ham maktabni tekshirib kelayotgan bo‘lganini bildirdi.

Britaniyada bepul maktablar davlat tomonidan moliyalanadi, biroq mahalliy ta‘lim boshqarmalari nazoratidan tashqarida amal qiladi.

Bepul maktablar ota-onalar va mahalliy jamiyatlar tomonidan tashkil qilinishi mumkin.

Your contact details
Disclaimer