Rossiyaning niyatlariga rasmiy Toshkent nima deydi?

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

O‘zbekistonlik siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimovning aytishicha, Rossiya harbiy bazasining Tojikistonda yana o‘ttiz yilcha qolishiga O‘zbek hukumatining munosabati iliq bo‘lmaydi.

Tahlilchining nazdida hozir Markaziy Osiyoda bir tomondan Rossiya, boshqa tarafdan G‘arb o‘rtasidagi geo-siyosiy raqobat holati shakllanmoqda.

"O‘zbekiston bugungi kunda yana mutlaq G‘arb geo-siyosatiga oriyentir olgan davlatga aylandi. Rossiya Federatsiyasi esa, Markaziy Osiyoda mavqeini mustahkamlash uchun ikkita zaif davlatga o‘zining asosiy stavkalarini qilayapti. Bu – Qirg‘iziston va Tojikiston", - deydi u.

Tahlilchi Kamoliddin Rabbimovning aytishicha, "Tojikiston ham Rossiya geo-siyosati va harbiy, siyosiy infrastrukturasiga mustahkam bog‘lanayapti. Hamda shu orqali, rasmiy Moskva G‘arbning Markaziy Osiyodagi ta‘sir doirasini kamaytirishga harakat qilayapti".

Ammo, unga ko‘ra, so‘nggi 20 yil ichida Markaziy Osiyo davlatlari shu kabi "mayatnik" holatida bo‘lib kelishgan esa-da, bu – urush yoki jiddiy bir mojaroga sabab bo‘lmagan va bundan keyin ham bo‘lmaydi.

"Markaziy Osiyodagi beshta respublika, ayniqsa, kichikroqlari uchta qudratli davlat, ya‘ni, Rossiya, AQSh va Xitoy o‘rtasida o‘zlarining manfaatlari va geo-siyosiy joylashuvini ma‘lum bir "chayqovchilik" orqali ehtiyojlarini qondirishga harakat qilib kelishayapti", - deydi u.

Kamoliddin Rabbimov mazkur holatni kichik davlatlarga xos o‘ziga yarasha xarakter ekani bilan izohlaydi.

G‘arb bazasi?...

Image copyright AP
Image caption AQSh 2005 yilgi Andijon voqealari ortidan o‘zaro munosabatlari sovuqlashishi oqibatida O‘zbekistondagi harbiy bazasini tark etishga majbur bo‘lgandi

Tahlilchi Rossiyaning intilishlari manzarasida Amerikaning har doim mana shunday harbiy bazalar ochishga ehtiyoji bo‘lsa-da, bugun Markaziy Osiyoda bunga ruxsat beradigan davlat yo‘q, degan ham fikrda.

Ammo, Kamoliddin Rabbimovga ko‘ra, bu – mintaqada Rossiya ta‘sirining judayam kuchayib ketishini anglatmaydi.

"O‘sha resurslarining qisqarib borayotgani hisobiga va bu yerdagi raqobatning kuchayishi, ya‘ni Xitoyning kirib kelayotgani, Amerikaning ham ma‘lum bir iqtisodiy qiyinchiliklar sababli o‘zining mintaqadagi hozirligini to‘laqonli "parvarishlash" imkoniyatidan mahrum ekani bois, Rossiyaning bugungi strategiyasi faqat ma‘lum shakllangan ta‘sirini yo‘qotmaslikka qaratilgan", - deydi u.

Tahlilchi, "Rossiya Markaziy Osiyoga o‘zining tarixiy geo-siyosiy hududi sifatida qaraydi. Lekin Rossiya keyingi paytlarda Markaziy Osiyoga o‘zining munosabatini bosqichma-bosqich qaytattan ko‘rib chiqayapti. Shuning uchun ham Rossiyaning asosiy strategisi bu - ittifoqni qayta tiklash yoki mintaqani butunlay o‘z ta‘siriga olishni ko‘zda tutmaydi", - degan fikrda.

Kecha chorshanba kuni esa, Tojikiston parlamenti quyi palatasi Rossiya harbiy bazasining o‘z hududlarida 2042 yilgacha qolishini ko‘zda tutuvchi o‘zaro shartnomani ratifikatsiya qildi.

Rossiya harbiy bazasi Markaziy Osiyo mintaqasida eng qudratli harbiy bo‘linmalardan biri sanaladi.

Aynan ana shu harbiy baza doirasida Tojikiston poytaxti Dushanbe, prezident Imomali Rahmonning ona shahri Kulob va Afg‘oniston chegarasiga yaqin eng yirik shahri Qo‘rg‘on-Tepada o‘n mingga yaqin rossiyalik harbiy xizmat qiladi.

Tojikiston nima deydi?

Image copyright AFP
Image caption Amerikaning mintaqadagi yagona harbiy hozirligini ta‘minlab turgan "Manas" tranzit markazini rasmiy Bishkek kelasi yil iyulda yopmoqchi

Tojikiston tomoniga ko‘ra, Rossiya harbiy bazasining harbiy hozirligi o‘zlarini tashqi tahdiddan himoya etish uchun muhim.

Ayrim mahalliy siyosatshunoslarning so‘zlariga qaralsa, Rossiyaning harbiy ishtirokisiz ayrim qo‘shni davlatlar bilan muammolari bundan-da yomon bo‘lishi mumkin edi.

Amerikaning Markaziy Osiyo mintaqasidagi ilk harbiy hozirligi esa, 2001 yilga to‘g‘ri keladi.

Afg‘onistondagi Tolibon va "Al-Qoida" jangarilariga qarshi amaliyotlarining dastlabki bosqichida O‘zbekiston AQShga Qarshi shahri yaqinidagi "Xonobod" bazasini taklif qilgan, ammo 2005 yilgi Andijon voqealari ortidan o‘zaro munosabatlarning keskin sovuqlashishi ularning bazani tark etishlari bilan yakunlangandi.

AQSh tomoni Bishkek aeroportida joylashgan bazadan esa, 2001 yildan boshlab Afg‘onistondagi harbiy amaliyotlari uchun muhim tranzit markazi sifatida foydalanib keladi.

Qirg‘iziston tomoni bazani 2009 yilda yopishga qaror qilgan, ammo so‘ngroq AQSh bilan bu xususdagi shartnomasini yana besh yilga uzaytirishga qaror qilgandi.

Shu yil iyun oyida esa, rasmiy Bishkek AQSh bazasini 2014 yilning 11 iyulida yopishga qaror qilgan va bu xususdagi farmon prezident Almazbek Atambayev tomonidan ham rasman imzolangan.