Rossiya: Millatchilar avvalgisidan yirikroq yurishga tayyorlanishmoqda

Image caption "Russkiy marsh" saytidagi bu surat oq bolalar kelajagi uchun oq irqni saqlab qolishga chaqiradi

Moskvaning Jurnalistlar uyidagi Oq zalda "Russkiy marsh - 2013", ya‘ni rus millatchi tashkilotlarining yurishiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tgan.

"Russkiy marsh" 2005 yildan beri har yili 4 noyabrda bo‘lib o‘tadi.

Rossiyaning turli shaharlarida bo‘lib o‘tuvchi bu millatchilar amaliyoti, tashkilotchilar saytida aytilishicha, tub aholining eng katta yurishidir.

Bugungi kungacha "Russkiy marsh"ning ijrochi qo‘mitasi tarkibiga "Ob‘edineniye Russkiye", Milliy-demokratik partiyasi (Natsional-demokraticheskaya Partiya), Rossiya umumxalq ittifoqi (Rossiyskiy obshchenarodnyy soyuz), "Umumiy vazifa" (Obshcheye delo) nomli tashkilot va partiyalar a‘zolari kirgan.

Aktsiya o‘z saflarini boyitish ilinjida yana ko‘proq millatchilarni marshga qo‘shilishga undamoqda.

"Russkiy marsh" harakatining ijtimoiy muloqot tarmoqlaridagi sahifalari rus xalqini yurishga qo‘shilishga chaqiriqlar, hamda rus bo‘lmagan aholi, xususan Markaziy osiyolik muhojirlar va Qofqozlik fuqarolarga qarshi millatchi bayonotlar va shikoyatlar bilan to‘lgan.

Moskvaning o‘zida, saytdagi xabarlarga ko‘ra, 30 ming ishtirokchini yig‘ish mo‘ljallangan.

Sentyabr boshida Moskva hokimligi saylovlarida o‘z nomzodini ilgari surgan millatchi siyosatchi Aleksey Navalny bu yil yurishga qo‘shilishi borasida biron bayonot bildirganicha yo‘q.

Biroq, u millatchilar turli mushtlashuvlarga aralashib yurganidan ko‘ra, bu kabi yurishlarga qo‘shilishi ijobiy hol ekanini aytgan.

Navalny o‘tmishda to‘rtta "Russkiy marsh" yurishida ishtirok etgan, biroq o‘tgan yili tumov bilan og‘riganini aytib, marshga qo‘shilmagandi.

Biz millatchilar matbuot anjumanida qatnashgan BBCning rus xizmati muxbiri Yuriy Maloveryandan qanday bayonotlar yangraganini so‘radik.

Maloveryan: Millatchilarning rahbarlari odatda 4 noyabrda bo‘lib o‘tadigan Ruslar yurishi borasidagi rejalari haqida aytib berishdi. Ular bu yurish Moskva va boshqa Rossiya shaharlaridan tashqari, boshqa mamlakatlarda ham bo‘lib o‘tishini aytishdi. Shuningdek, Moskvaning o‘zida ular bu yil qatnashchilar sonini rekord 30 mingga yetkazishga ishonishlarini aytdilar. Ruslar yurishi oxirida o‘tadigan kontsertga aynan 30 ming odam uchun ariza berilgan. Bunga Moskva hokimiyati hali javob berganicha yo‘q. O‘tgan to‘qqiz yil mobaynida Ruslar yurishlaridagi ishtirokchilar soni odatda nisbatan bir hil bo‘lib kelgan, faqat o‘tgan yilgisi eng katta bo‘lgan deyish mumkin - undan ba‘zi hisoblarga ko‘ra, 20 ming odam qatnashgan. U, shuningdek, avvalgilariga o‘xshab Moskva janubi-sharqida emas, shahar markazida bo‘lib o‘tgan. O‘tgan yili norozilik namoyish to‘lqini avj olgandi, balki shu bilan ham izohlash mumkin ishtirokchilar sonini. Bu yil, mana, millatchilar qatnashchilar sonini 1,5ga oshirishga bel bog‘laganlar.

BBC: Qanday qilib ular 30 ming odamni millatchilar yurishiga olib chiqmoqchilar? Millatchilar soni ko‘payganiga ishonadilarmi?

Maloveryan: Millatchi siyosatchi Aleksandr Belov-Potkinning izohlashicha, boshqa namoyish harakatlaridan norozi bo‘lgan odamlar hozir ancha ko‘p. Uning aytishicha, bu arosatdagi norozi fuqarolar aynan millatchilar safiga, o‘z ta‘birida, "uchinchi qudrat"ga qo‘shilish istagidalar.

BBC: Namoyishlar ko‘lamiga kelsak, bu yil u yana ko‘proq shaharlarga tarqalishi, va birinchi marta Birobidjan shahrida ham o‘tkazilishi aytilgan. Millatchilar yurishi Rossiya bo‘ylab yanada keng tarqaladi deb aytish mumkinmi?

Maloveryan: Ha, huddi shunday. Ular Rossiya va xorijda yangi shaharlarda, aniqrog‘i, yana 30ta shaharda millatchilar yurishi bo‘lib o‘tishini rejalashayapti. Lekin, aytish joizki, Rossiyadagi milliy birdamlik kunida o‘tadigan bu yurishlar Moskva va Peterburgdan boshqa joylarda katta ko‘lamda o‘tmagan. Peterburgdagisini ham juda katta deb bo‘lmaydi, faqat Moskvadagisi ko‘p minglab odamlarni yig‘a olgan.

BBC: Bu kabi yurishlar chog‘ida qandaydir to‘qnashuvlar va ziddiyatlar yuzaga keladimi?

Maloveryan: Deyarli bo‘lmaydi. Oxirgi yillarda jiddiy to‘qnashuvlar bo‘lmadi desa ham bo‘ladi. Gap shundaki, Rossiya politsiyasi millatchilarga muqobil yurishlarning bu kunda o‘tishiga ruxsat bermaydi. Masalan, Olmoniyada natsistlar yurishga chiqsa, ularga qarshi antifashistlar ham chiqishadi, va o‘zaro mushtlashuv va ziddiyat kelib chiqadi. Bunga Rossiyada yo‘l qo‘yilmaydi. Aslida millatchilarga qarshi chiqadigan harakatlar yo‘q ham. Politsiya esa millatchilarga ancha yumshoq muomala qiladi.

Your contact details
Disclaimer