Human Rights Watch: "Sochidagi migrantlarni quvib solmoqdalar"

  • 3 Октябр 2013
Муҳожирлар Image copyright AP
Image caption Rossiyadagi mehnat muhojirlari... (suratning Sochidagi hodisalarga aloqasi yo‘q)

Inson haqlarini himoya qilish Human Rights Watch tashkiloti yangi hisobotida ana shunday deyiladi.

Hisobotga ko‘ra, Sochi Qishki olimpiadasi binolarini qurishda ishtirok etgan muhojirlarga ov boshlangan, muhojirlar qurilish ob‘ektlarida, jamoat trasnportlarida va yashayotgan uylarida qo‘lga olinmoqdalar, go‘yo muhojirlik qonunlarini buzish ayblovlari bilan mahkamaga tortilib, vatanlariga badarg‘a qilinmoqdalar.

Huquqlari toptalayotgan muhojirlar orasida O‘zbekiston, Tojikiston, Ukraina, Moldova va boshqa mamlakatlarning fuqarolari bor.

Human Rights Watch hisobotida rossiyalik inson haqlari faoli Aleksandr Popkov tasvirga olgan videoga link ham bor.

Faollarga ko‘ra, 50 tacha inson joy yetishmaganidan politsiya idorasining temir garajida saqlangan.

Biz ushbu videoni tasvirga olgan faol Aleksandr Popkovdan Sochida shu kunlarda nimalar bo‘layotgani haqida so‘radim.

Aleksandr Popkov: Bu videoni men noqonuniy hibsga olinganlar bilan uchrashishga harakat qila-qila, ikkinchi marta politsiya garajiga o‘ta olgan paytimizda olganman. Bir necha kun oldin bizga Rossiyada qonuniy yashab ishlayotgan, biroq shunga qaramasdan qo‘lga olingan kishlarning qarindoshlari murojaat qilib, huquqiy yordam ko‘rsatishimizni iltimos qildi. Qo‘lga olinganlar orasida O‘zbekiston, Moldova va Rossiya fuqarolari bor edi. Bizga bir necha kun davomida biz qidirgan odamlar bilan uchrashishimizga izn berishmadi. Va nihoyat biz 50 tacha odamni izolyatorda emas, umuman sharoit bo‘lmagan joylarda saqlayotganlarini ko‘rdik. Bu kishilar 3-4 kunlab bu yerda ushlab turilganlarini aytdilar. Ular rasmiylashtirilmaganlar, hech kimga ovqat berilmagan, yonida pullari borlar, militsiya idorasining bufetidan yegul ik olib yeyishgan. Hech kimga aytishmagan, nima uchun ushlab turishipti. Qanday ayblov qo‘yishayapti? Yana qancha vaqt ushlab turishadi? Keyin biz politsiyadan odamlar bilan uchrashtirishni talab qilganimizda, "politsiya bo‘limida bunday odamlar yo‘q", deb aytishdi.

BBC: Sochidagi olimpiada inshootlarida ishlagan muhojirlar ushlanib, vatanlariga majburan jo‘natilayotganlari haqida sentyabr oyi o‘rtalaridan xabarlar tarqalmoqda. Shu vaqtgacha qancha odam ushlangani haqidagi raqamni taxminan aytish mumkinmi?

Aleksandr Popkov: Biz qancha odam bo‘lganini bilmaymiz. Hozir bu yerda konveyyer yo‘lga qo‘yilgan. O‘nlab kishilarni olib kelishayapti va olib ketishayapti. Mahkamalar ham konveyyer usulida ishlashga o‘tgan. Hakamlar hay‘ati matbuot xizmati bir kechada 102 chet ellik noqonuniy muhojir chiqarib yuborilgani haqida xabar berdi. Men shuni qo‘shimcha qilishim kerakki, chiqarib yuborilganlarning hammasi ham noqonuniy bo‘lmagan. Hamma hujjatlari qonuniy bo‘lgan xorij fuqarolarini ham majburan chiqarib yuborishayapti. Ularning ko‘pchiligida patenti bo‘lgan, har oy vznos to‘lovlarini to‘lab kelgan. Bunday qonun buzilishi hollari, boshboshdoqliklar juda ko‘p sodir etilayapti.

BBC: Olimpiada ob‘ektlari qurilishida ishlaganlar hech bo‘lmaganda uyiga ketishdan oldin o‘zlari ishlab topgan pullarini ola olayaptilarmi?

Aleksandr Popkov: Yo‘q, ularga pullarini berishgani yo‘q. Ularni aldashgan. Muhojirlarni ushlagan joyidan tutib, politsiyaga, keyin mahkamaga, u yerdan esa majburan jo‘natib yuborishayapti. Albatta, bu ish beruvchiga foyda. Bu odamlarni qurilishda ishlatganlar ularga 3-4 oylab maoshlarini to‘lamagan. Huquqni muhofaza qilish organlari bunday noqonuniy amallarni ko‘rib ko‘rmaganlikka olib keldilar. Biz bu haqda ko‘plab idora-tashkilotlarga shikoyatlar yozdik, "Olimpstroy" tashkilotiga murojaat qildik. Bu murojaatlarimizga hech qanday javob bo‘lmadi. Tabiiyki, endi Toshkentga borib qolgan va hujjatida Rossiyadan majburan chiqarib yuborilgani qady qilingan odam o‘zining bir necha oylik maoshini kelib talab qila olmaydi.

Xo‘sh, Sochini migrantlardan tozalash amaliyotlari nima uchun o‘tkazilmoqda? Chunki ayrim xabarlarga ko‘ra, hali Sochi Qishki olimpiadasi barcha inshootlari ham qurib bitkazilmagan. Biz ushbu savolni sochilik inson huquqlari himoyachisi Semyon Semyonovga berdik:

Semyon Semyonov: Gap shundaki, olimpiya o‘yinlari uchun loyihalarni qurish boshlangan payt ularda ishlash uchun cheklanmagan sondagi mehnat muhojirlari jalb qilingan. Ularning aksari O‘zbekistondan. Muhojirlari ko‘pi mehnat bitimi imzolanmagan. Mana endi loyihalar nihoyasiga yetish bosqichida muhojirlardan qutilishga harakat qilinmoqda. Bunga esa, bahona sifatida ularning hujjatlari yo‘qligi pesh qilinadi. Ya‘ni, qurilish davomi etayotgan payt ulardan qanday qonun asosida ishlayotganlari va yo ishlashga ruxsatlari bormi, ish beruvchilari kerakli hujjatlar bilan ta‘minlashganmi-yo‘qmi, hech kim tekshirmagan. Endi esa, rasmiylar uchun bu narsalar birdaniga muhim bo‘lib qoldi. Bundan mehnat shartnomalari bor yo‘qligidan qat‘iy nazar odamlarni avvaliga istaganlaricha ishlatib, ekspluatatsiya qilib, endi hujjatlarni bahona qilib, ularga va‘da berilgan pullarni to‘lmaslikka urinilmoqda. Rasmiylar Sochidagi olimpiada loyihalarini qurishda 15-16 ming mehnat muhojiri jalb etilganini aytishadi. Lekin, ulardan ko‘plari rasmiy ro‘yxatdan o‘tmay ishlagani uchun Sochida ishlagan mehnat muhojirlari soni 40-50 ming atrofida deya taxmin qilishimiz mumkin.