"Odil Ahmedov "Zenit"ga o‘tmaydi"

  • 3 Oktyabr 2013
Image copyright Anzhi

O‘zbekistonlik sara futbolchi to‘p suruvchi Rossiyaning "Anji" jamoasi matbuot xizmati vakili Aleksandr Udaltsov bu xususda mamlakat nashrlarida tarqalgan xabarlarni rad etdi.

Uning aytishicha, bu haqdagi xabarlar asossiz, Odil Ahmedov va Sankt-Piterburg jamoasi o‘rtasida hech qanday dastlabki muzokaralar ham bo‘lmagan.

Yaqinda Rossiyada chop etiluvchi yirik nashrlardan biri bo‘lgan "Izvestiya" "Zenit" Odilni qishki transfer mavsumida sotib olishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.

"Izvestiya" gazetasi, hatto, "Zenit" Bosh murabbiyi Luchano Spalettining shaxsan o‘zi "mehnatkash va jismoniy jihatdan kuchli bo‘lgan futbolchiga qiziqish bildirgan"ini qo‘shib o‘tgandi.

Piterliklar murabbiysi o‘zbekistonlik futbolchini Konstantin Ziryanovning o‘rniga ko‘zlayotganini ham bildirgandi.

Maqolada tomonlar o‘rtasida dastlabki muzokaralar bo‘lib o‘tgani va Odil Ahmedov shu qishda "Zenit"ga o‘tishi mumkinligi aytilgandi.

Uning transfer qiymati esa, xabarda 10 million yevroga baholangandi.

Ayni o‘rinda eslatib o‘tish joiz, Maxachqal‘aning "Anji"si O‘zbekiston milliy terma jamoasining eng ko‘zga ko‘ringan futbolchilaridan biri va o‘sha paytda Toshkentning "Paxtakor" klubi sardori bo‘lgan Odil Ahmedov bilan 2011 yilda to‘rt yilga shartnoma imzolagan.

"Zenit" bugungi kunda Rossiyaning eng boyvachcha va serxarj jamoalaridan sanaladi.

Ayrim ma‘lumotlarga qaralsa, hozir Odil Ahmedov to‘p surayotgan "Anji"ning o‘tgan yilgi byudjeti 180 million dollarni tashkil etgan bo‘lsa, "Zenit"niki 280 million dollarga teng bo‘lgan.

Ammo lekin

"Anji" klubi rahbariyati o‘tgan oy boshida kutilmaganda nomdor o‘yinchilarini sotishi, o‘z byudjetini keskin qisqartirishi va bundan buyog‘iga mahalliy yosh futbolchilariga orqa qilishini e‘lon qilgandi.

Klub sohibi dog‘istonlik milliarder Suleyman Kerimovning ushbu qarori ortidan, "Anji"ni orada kechgan vaqt ichida rossiyalik qator sara o‘yinchilari doxil sardori Samuel Eto'o, Lassana Diarra, Muborak Bussufa, Villian, Jaoa Karlos va Kristofer Sambolar ham tark etishgan.

"Anji" rahbariyatining so‘nggi bayonoti ortidan Rossiyaning turli internet nashrlari va ommaviy-axborot vositalarida Odil Ahmedovga mahalliy "Krasnodar" va "Zenit" klublari qiziqish bildirishayotgani haqida xabarlar paydo bo‘lgandi.

Biroq "Anji" matbuot voizi avvalroq BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatida Odil Ahmedov hozircha klubda qolish va jamoaga yordam berish ahdida qat‘iy ekanini bildirgandi.

"Izvestiya" gazetasi shu yil iyun oyida o‘zbekistonlik yulduz futbolchiga Londonning "Arsenal" jamoasi qiziqish bildirayotgani haqida yozgandi.

Ushbu xabarlarda Ovro‘poning eng old jamoalaridan bo‘lgan "Arsenal"ning Odil Ahmedov uchun 4 million yevro to‘lashga rozi" ekani aytilgandi.

Odil Ahmedov 2012 yilda o‘zi hozir to‘p surayotgan "Anji" klubida o‘tgan mavsumning "Eng zo‘r futbolchisi", deb topilgandi.

Ammo bu yilgi futbol mavsumini muvaffaqiyatsiz boshlagan "Anji" joriy paytda 11 o‘yindan 6 ochko to‘plagan holda Rossiya Oliy Ligasida to‘p surayotgan 16 jamoa orasidan eng so‘nggi o‘rinni egallab turibdi.