Rossiya Qirg‘iziston va Tojikistonga ko‘p millionlik qurol-yarog‘ beradi

Image copyright AP
Image caption "Qirg‘iziston va Tojikistonga Rossiya qurollari yetkazilishi ortida siyosiy sabablar bor"

Rossiya armiyasi bosh shtabi boshlig‘i Valeriy Gerasimov aytishicha, Rossiya Qirg‘izistonga 1 milliard 100 million dollarlik, Tojikistonga 200 million dollarlik qurol-yarog‘ beradi.

Ushbu xabar Markaziy Osiyoda suv ustidan urush kelib chiqishi mumkinligi haqidagi ogohlantirish yangrayotgan va Amerika O‘zbekistonga Afg‘onistondan olib chiqayotgan qurol-yarog‘ini tashlab ketishi xabar qilinishi ortidan e‘lon qilinmoqda.

Rossiyaning ushbu qarori qo‘shnilari Tojikiston va Qirg‘iziston bilan munosabatlari tarang bo‘lib turgan O‘zbekistonni xavotirga solmaydimi?

BBC ushbu savolni Moskvada nashr qilinadigan "Vatan Arsenali" nashrining bosh muharriri, harbiy ekspert Viktor Muraxovskiyga berdi.

Viktor Muraxovskiy: Mening fikrimcha, bu qaror birinchi navbatda 2014 yili Afg‘onistondan amerika va boshqa xorijiy kuchlarning chiqarilishi va MArkaziy osiyo strategik mintaqasida Afg‘onistonda mavjud bo‘lgan turli noqonuniy qurollangan guruhlar tahdidi kuchayishi ehtimoli tufayli olingan qarordir. Ma‘lumki, Kollektiv Havfsizlik Shartnomasi bitimi doirasida tezkor amal qilish guruhlari tashkil etilgandir. Bu tezkor kuchlar tarkibiga Tojikiston va Qirg‘iziston qurolli kuchlar bo‘linmalrai ham kiradi. Men aytayotgan ehtimoliy harbiy xavflarni barataraf etish uchun esa, bu tezkor kuchlar tarkibi va qurollarini kuchaytirish zarur.

BBC: Ba‘zi tahlilchilar Rossiya AQSh harbiy bazasining Qirg‘iziston chiqarilishi xohlagan edi. Mana endi Qirg‘iziston bu xohish-istakni bajargani uchun Rossiya qurol bilan o‘z minnatdorchiligini bildirmoqda, deyishadi. Siz bu fikrga qo‘shilasizmi?

Viktor Muraxovskiy: Menimcha, bu ikki hodisa, ya‘ni Qirg‘izistondagi AQSh harbiy bazasining yopilishi va Rossiya qurollarining Qirg‘izistonga yetkazilishi ortida albatta siyosiy shart-sabablar bor. Lekin yana bir jihati borki, oxirgi 15 yil mobaynida Qirg‘iziston qurolli kuchlari qurol-yarog‘ jihatidan yaxshi ta‘minlanmagan va jihozlanmagan va natijada zaiflashgan. Bu holat ham aslaha ta‘minoti nuqtai nazaridan va ham askarlarning tayyorgarligi nuqtai nazaridan ham mavjud. Ya‘ni aytmoqchimanki, Qirg‘iziston qurolli kuchlarini qurol-yarog‘ bilan boyitish uchun ob‘ektiv sabablar ham bor.

BBC: Qambarota va Rog‘un GESlari tufayli O‘zbekiston bilan Tojikiston va Qirg‘iziston oraisdagi munosabatlar shundoq ham taranglashgan. O‘zbekiston Prezidenti suv borasidagi tortishuv urushga ham sabab bo‘lishi mumkinligi haiqda ogohlantirgandi. Ana shu manzarada Rossiya bu ikki mamlakatga qurol-yarog‘ yetkazib berayotgani O‘zbekistonning xavtoriga sabab bo‘ladi, deb o‘ylaysizmi?

Viktor Muraxovskiy: Bilasizmi O‘zbekiston o‘z tanladi bu yo‘lni, menimcha. O‘zbekiston Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi doirasidagi tezkor kuchlar tarkibida ishtirok etishni xohlamadiku. Bu tashkilot shtabi tarkibida ham hamkorlik qilishni istamadi. Albatta O‘Zbekiston o‘z qurolli kuchlarini kuchaytirish va aslahalashtirishga boshqalarga qaragnda ko‘proq imkoniyatlarga ega. Mamlakatning byudjeti ham ko‘proq, aholi soni ham katta. Shuning uchun mening fikrimcha Rossiya tomonidan QIrg‘iziston va Tojikiston qurolli kuchlarini kuchaytirishga harkat bu bir ma‘noda mintaqadagi balansni ta‘minlashga hissa qo‘shadi. Lekin bu harakatlarning asosiy maqsadi O‘zbekistonga qarashi qaratilgan, deb o‘ylamayman. Bu berilayotgan qurol-aslahalarning tarkibiga qaralasa, o‘ylaymanki, asosiy maqsad bu noqonunuiy qurolli guruhlar ta‘sirini bartaraf etishga qaratilgandir.