O‘zbekistonda jurnalist Sergey Naumov ozod qilingan

Image copyright none
Image caption Moskvada jurnalistning himoyasiga namoyish o‘tkazilgandi

Mahalliy inson huquqlari faollari va jurnalistlarning xabar berishicha, Sergey Naumov ozodlikka chiqarilgan.

O‘zbekistonda paxta mavsumi qanday borayotganini o‘rganib kelayotgan jurnalist sentyabr oyi oxirlarida mayda bezorilik aybi bilan hibsga olingan, so‘ngra 12 sutkaga qamalgani haqida xabarlar tarqalgandi.

Jurnalistning 21 sentyabrda olib ketilganini hisobga olsak, u belgilangan 12 kunni o‘tagach ozodlikka chiqarilgan.

Jurnalistning o‘zi aybini bo‘yniga olmagan. Ayol kishiga tegajog‘lik qilish va haqorat qilganlik aybiga nisbatan Naumov ayolning o‘zi u bilan janjallashish uchun haqorat qila boshlaganini aytgan.

Huquq faollari va hamkasblari, xususan Rossiya Jurnalistlar soyuzi Naumov bilan sodir bo‘lgan voqeani xalqaro tashkilotlar nazorati ostida o‘rganish va uni ozod qilishni talab qilib chiqishgan.

2 oktyabrda Rossiyada uning himoyasiga namoyish o‘tkazilgan edi.

Xorazmlik jurnalist Sergey Naumov "Fergana.ru", "Urush va Tinchlik instituti" va bir nechta o‘zbek va rus tilidagi nashrlar bilan hamkorlik qilib keladi.

Uni hibsga olinishi ham kasbiy faoliyati bilan bog‘liqligi, O‘zbekistonda fuqarolarning manfaatlarini yoqlab, paxta mavsumida majburiy mehnatdan foydalanilayotganini yoritgani sabab bo‘lgani aytilgan.