"7 million o‘zbekistonlik "Odnoklassniki"dan foydalanadi"

Xabarlarga ko‘ra, O‘zbekiston aholisining to‘rtdan bir qismi Rossiyaning "Odnoklassniki.ru" ijtimoiy tarmog‘idan foydalanadi.

Podrobno.uz axborot agentligining "Odnoklassniki.ru" vakilasi Olga Andrega tayanib xabar qilishicha, 7 million o‘zbekistonlik tarmoq ro‘yxatidan o‘tgan, ulardan yarim millioni har kuni ushbu websahifaga tashrif buyuradi.

Aytilishicha, 92 foiz kishi websahifaning mobil telefon versiyasidan foydalanadi.

Xabarga ko‘ra, "Odnoklassniki" ijtimoiy tarmog‘iga qariyb teng sondagi erkak va ayollar kirishadi.

Ularning aksari esa, 18-26 yoshlilarni tashkil qiladi.

Mamlakatdagi uyali telefon shirkatlari o‘z mijozlariga ijtimoiy tarmoqlardan cheklanmagan muddatda foydalanish xizmatlarini taklif qilishadi.

Ayni paytda O‘zbekistonda ijtimoiy tarmoqlarga qarshi kampaniya ham olib boriladi.

Yaqinda Toshkentda namoyish etilgan "Odnoklassniki.ru" deb nomlangan film ijtimoiy tarmoqlardan bee‘tibor foydalanishning zararlaridan ogohlantirgandi.

O‘zbekiston davlat televideniyesi orqali yoshlarni internet va ijtimoiy tarmoqlarga mukkasidan ketmaslikka undovchi dasturlar va reklamalar namoyish etiladi.