Xatna o‘g‘il bolaning daxlsizligiga tajovuzmi?

Isroil Ovro‘po Ittifoqining Parlament Assambleyasi - PASE qabul qilgan rezolyutsiyani keskin tanqid qilib chiqdi.

Bu rezolyutsiyaga ko‘ra, o‘g‘il bolalarni xatna qilish "bolalarning jismoniy daxlsizligini buzishdir".

Bu hujjatda Ovro‘po mamlakatlari o‘g‘il bolalarning huquqlarini himoya qilishga chaqirilgan.

Xatnaga bag‘ishlangan rezolyutsiya ovro‘polik parlament deputatlari ovoziga 2 oktyabr kuni qo‘yilgan.

Xatna "bolalarning jismoniy daxlsizligi"ga daxl deya 78 deputat ovoz bergan.

13 Ovro‘po parlamenti a‘zosi bunday talqinga qarshi chiqqanlar, 15 deputat betaraf qolishga qaror qilgan.

Bu rezolyutsiyada asosiy e‘tibor qizlar jinsiy a‘zosini xatna qilishga qaratilgan, biroq o‘g‘il bolalarni xatna qilish va boshqa amaliyotlar ham ko‘zda tutilgan.

Isroil PASE qarorini irqchilik deb qoralagan, zudlik bilan bu rezolyutsiyani bekor qilishga chaqirgan.

Parlament Assambleyasining 318 a‘zosining faqat uchdan biri ovoz berishda ishtirok etgan, shulardan 78 tasi yoqlagan, deyiladi Isroil rasmiylari bayonotida.

O‘g‘il bolalar jinsiy a‘zosi uchini kesish Yahudo dinining "qadimiy diniy an‘anasidir", deyiladi Isroil Tashqi ishlar vazirligi bayonotida.

"Xatna go‘yo o‘g‘il bolaning salomatligiga zarar yetkazadi, degan fikr xato va ilmiy faktlarga qarshidir. 2012 yil avgustida AQSh Pediatrlari Assotsiatsiyasi o‘g‘il chaqaloqlarni xatna qilish ustunliklarga ega ekaniga bag‘ishlangan rasmiy hisobot e‘lon qildi", deyiladi Isroil tashqi siyosat mahkamasi bayonotida.