Sergey Naumov: "Meni tashqi dunyodan uzib qo‘yishmoqchi bo‘lishdi"

O‘zbekistonda 12 kunlik qamoqdan ozod etilgan jurnalist Sergey Naumov o‘ziga qarshi atayin provakatsiya uyushtirilgani va bu uni "uzoq muddat tashqi dunyodan uzib qo‘yish uchun" qilinganini aytdi.

Paxta mavsumi qanday kechayotgani borasida izlanishlar olib borgan xorazmlik jurnalist sentyabr oxirlarida mayda bezorilik ayblovi bilan hibsga olingan va 12 sutkaga ozodlikdan mahrum qilingandi.

Buning ortidan, inson huquqlarini himoya qiluvchi "Xalqaro Amnesti" tashkiloti O‘zbekiston hukumatini Sergey Naumovni zudlik bilan ozod etishga chaqirdi.

Huquq faollari, jurnalistlar, xususan Rossiya Jurnalistlar uyushmasi Naumov bilan sodir bo‘lgan voqeani xalqaro tashkilotlar nazorati ostida o‘rganish va uni ozod qilishni talab qilishdi.

Jurnalist 21 sentyabrda olib ketilgani hisobga olinsa, u belgilangan jazoni o‘tagach, ozodlikka chiqarilgan. Biz Sergey Naumovdan hammasi nimadan boshlandi, deb so‘radik:

Sergey Naumov: Uyim ketayotib to‘satdan orqamga birov kelib urilganini sezdim. Qarasam, qanaqadir ko‘rimsizgina ayol. U so‘kinishni boshladi. Men uni shunchaki es-hushi joyida emas, deb o‘yladim va tezda bu yerdan ketish kerak degan xayolga bordim. Yarim daqiqa o‘tar-o‘tmas 3 militsiya xodimi paydo bo‘ldi. Ular, aftidan, juda yaqin orada turishgan edi. Ayol militsiya xodimlariga qarab baqira ketdi: "Mana sizlar uni bilasizlar, uni himoya qilasizlar, men bechora ayolni muhofaza qilmaysizlar..." xullas, spektakl qo‘yib berdi. Keyin bizni xizmat punktiga olib ketishdi. Men u yerda tushuntirish xati va shikoyat arizasi yozdim, ya‘ni o‘zimni "russkiy alkash" deb haqorat qilganlari haqida. So‘ng, 3 nafar qo‘shnim meni yoqlab guvohlik berish uchun chiqishdi. Mahalla nazoratchisi esa, qo‘shnilarimni eshitishni ham istamadi. "Jabrlanuvchi" deb nomlangan ayol o‘z shikoyat arizasini 4 marta qayta yozdi. Avvaliga men go‘yo uning bo‘ynidagi zanjirini uzmoqchi bo‘lganim, keyin haqorat qilganimni aytdi. Bu provakatsiya edi.

BBC: Bunday ishdan nima maqsad ko‘zlangan bo‘lishi mumkin, sizningcha?

Sergey Naumov: Provakatsiyadan maqsad meni uzoq muddat tashqi dunyodan ajratib qo‘yish bo‘lgan. Shuning uchun, sud meni 12 kun izolyatorga tashlash haqida hukm chiqardi. Mayda bezorilikda ayblashdi. Go‘yo, men ayolga shilqimlik qilib, uni tahqirlaganman.

BBC: Sizga izolyatorda qanday munosabat qilishdi?

Sergey Naumov: Meni kuniga ikki marta ishlatishdi. Ko‘cha supirgani olib chiqishdi. Qolgan paytlar kamerada o‘tirdim.

BBC: Hozir o‘zingizni qanday his qilyapsiz?

Sergey Naumov: Ruhan o‘zimni juda yaxshi his qilyapman. Jurnalistlar, tanish-bilishlarim katta dastak berishdi. Juda ko‘p tashkilotlar mening himoyamga keng ko‘lamda axborot kampaniyasi boshlashdi. Jismoniy nuqtai nazardan gapirsam, albatta, men dam olishda bo‘lganim yo‘q.

BBC: Endigi rejalaringiz qanday?

Sergey Naumov: Hali mening pasportim yo‘q. Shuning uchun, hech qanday reja qilolmayman. Men Toshkentga ketib, biroz muolija olishni istardim. Ammo, pasportim qo‘limda emas, militsiya olib qo‘ydi. Xullas, asosiy reja pasportimni qaytarib olish. "Militsiya paxtada, yig‘im-terimni tartibga solish bilan band, faqat kechda keladi", deyishdi. Kechqurun o‘sha yerga bormoqchiman.