Imomali Rahmon nomzodi prezidentlikka rasman ilgari surildi

Image caption Imomali Rahmon Islom Karimov kabi 20 yildan ortiq vaqtdan buyon prezident hisoblanadi

Xalq Demokratik partiyasining s‘ezdida Tojikistonni qariyb 20 yildan buyon boshqarib kelayotgan Imomali Rahmon noyabr oyida o‘tadigan prezidentlik saylovlariga nomzod qilib ko‘rsatildi.

Deputatlar nomzodni bir ovozdan qo‘llab quvvatlashdi, deputat Jonibek Kozibekovning Imomali Rahmon haqidagi chiqishi davomli qarsaklar bilan kutib olindi, deyiladi Tojikiston axborot vositalari xabarlarida.

Prezidentning o‘zi s‘ezdda ishtirok etmagan.

O‘z saflarida 240 mingdan ortiq a‘zosi borligi aytiladigan boshqaruvdagi Xalq Demokratik partiyasi rahbari prezident Imomali Rahmonning o‘zidir.

6 noyabrda Tojikistonda Prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tishi kerak. Mamlakatdagi olti partiya o‘z nomzodlarini ma‘lum qilgan.

Kommunistik partiya Islomiy Talbakov, Iqtisodiy islohotlar partiyasi Olimjon Boboyev, Sotsialistik partiya Abduhalim G‘affarov, Agrar partiyasi Tolibbek Buxoriyev, Demokratik Saidjaffar Ismonov, Islom uyg‘lnishi partiyasi Oynaxol Bobonazarova nomzodini ilgari surgan.

Bundan oldinroq mamlakat Yoshlar ittifoqi ham Imomali Rahmonni prezidentlikka tavsiya qilgan edi.

Prezidentlik saylovlari yaqinlashar ekan, janob Rahmonning qarori bilan mamlakatda fuqarolarning o‘q otar qurollardan foydalanishlariga vaqtinchalik to‘siq qo‘yilgan.

Qarorda "31 dekabrgacha o‘q otar qurollarning barcha turlarini olib yurish, ishlatish, boshqa shaxsga berish, olib kirish va chiqish taqiqlanadi. Ushbu chora fuqarolarning xavfsizligini ta‘minlash va jinoyatchilikning oldini olish maqsadida" qilinayotganligi ta‘kidlanadi.

Muxolifat a‘zolariga bosim

Noyabr oyida kutilayotgan prezident saylovi oldidan qudratdagi Xalq Demokratik va muxolifatdagi Islom Uyg‘onish Partiyalari o‘rtasida keskin siyosiy kurash boshlanib ketgan.

Aksariyat muxolifat vakillari hukumat tomonidan o‘zlariga nisbatan bosim kuchayganini xabar qilishadi.

Markaziy Osiyoda yagona diniy-siyosiy sanalgan Islom Uyg‘onish partiyasi Tojikiston hukumatini o‘ziga nisbatan yomonotliq qilish kampaniyasini boshlashda ayblab chiqdi.

Davlat Teleradio qo‘mitasi bu kabi ayblovlarni rad etgani bilan Islom Uyg‘onish partiyasiga o‘z nuqtai nazarini bildirish uchun efir vaqti ajratish haqida talablarga salbiy javob berdi.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon 1992 yildan beri qudratda ekanligiga qaramay, bu safar ham o‘z nomzodini qo‘ygani demokratik saylovlar bo‘lib o‘tishiga ishonch yo‘qligini ko‘rsatadi.

Tojikiston ommaviy axborot vositalari ham faqat bitta nomzodni tinmay targ‘ib qilayotgani aytilmoqda.

"Hozir Tojikiston ommaviy-axborot vositalarida faqat bir narsa targ‘ib etilayapti: Barcha mintaqalarda turli xil kasbdagi odamlar, "Faqat prezident Rahmon Tojikistonni obod qila oladi, agar, u bo‘lmasa, Rog‘un GESi bo‘lmaydi, agar, u bo‘lmasa, Tojikistonda tinchlik bo‘lmaydi", degan chiqishlar qilishayapti. Bu, endi, Imomali Rahmonni ochiqdan ochiq targ‘ib qilish hisoblanadi", deyishadi tojikistonliklar.

Muxolif partiya nomzodi Oynaxol Bobonazarova o‘z chiqishida Imomali Rahmondan ko‘ra yaxshiroq ish olib borishga quchi va bilimi yetarli yekanini bildirgan, biroq tahlilchilar Tojikistonda Rahmondan boshqa nomzodlarning prezident bo‘lish imkoniyatlari yetarli yemasligini va bunga yo‘l qo‘yilmasligini aytishadi.