Birmada musulmonlarga qarshi zo‘ravonliklar davom etmoqda

Birmaning g‘arbiy Rakxayn shtatida musulmonlar va buddoyilar o‘rtasidagi qarama-qarshilikdan so‘ng 44 kishi hibsga olingani aytilmoqda.

O‘tgan hafta Sandve tumanida mahalliy buddoyilarning musulmonlarga qarshi hujumi natijasida besh kishi o‘lgan, yuzlab uylarga o‘t qo‘yilgan edi.

Mamlakat prezidenti Teyn Seynning 2 oktyabrda mintaqaga tashrifi ham zo‘ravonliklarga chek qo‘ya olmagan.

Politsiya hibsga olganlarning qanchasi musulmon va buddoyi ekanligi ma‘lum emas.

Biroq o‘tgan safargi qonli to‘qnashuvlardan so‘ng ushlanganlarning aksariyati musulmonlar bo‘lishgan, keyinroq olti musulmonga tartibsizliklarda ishtiroki uchun o‘lim hukmi berilgan edi.

Rakxayndagi roxinga musulmonlariga qarshi zo‘ravonliklar o‘tgan yildan buyon davom etmoqda, minglab musulmonlar uylarini tashlab chiqishgan.

Musulmonlarga tegishli uy va do‘konlar buddoyilar tomonidan kuli ko‘kka sovurilgan edi.

Xalqaro inson huquqlari tashkiloti Birmada musulmonlarga hujumlar demokratik islohotlar uchun jiddiy xavf ekanidan ogohlantirmoqda.

Birmaning demokratparast muxolifat rahbari, demokratiya uchun kurash ramziga aylagan An San Su Chi xonim ozod bo‘lganidan so‘ng nega Birma musulmonlarining huquqlari toptalayotganini ko‘rmayotgani inson haqlari faollari tomonidan tanqid ham qilindi.