"Agar otasining ko‘zi Gulnoraning ba‘zi rasmlariga tushganida..."

Image caption Gulnora Karimovaning oxirgi vaqtlarda Twitterda anchayin faolligi kuzatilgan

O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaning Twitterdagi akkaunti yo‘qolib qolgan.

Ba‘zi Internet sahifalari, xususan Googoosha fan klubi Gulnora Karimovaning Style.uz tadbiri oldidan unga qarshi bo‘lgan kuchlarning urinishlari Twitter akkauntining o‘chirilishiga sabab ekanligi haqidagi so‘zlarini keltirshgan.

Lekin bu da‘volarning asl manbasini hozircha aniqlash va tasdiqlash imkonsiz.

Karimova xonimning oxirgi vaqtlarda Twitterda anchayin faolligi kuzatilgan.

U o‘zi yetakchilik qilayotgan tashkilotlarning faoliyatini targ‘ib qilish, uyushtirayotgan tadbirlari haqida axborot berish bilan birga O‘zbekiston yuqori doiralariga xos bo‘lmagan ochiqlik bilan o‘z fikr-mulohazalarini ham bildirib keladi.

Tahlilchi va jurnalistlar Gulnora Karimovaning Twitter xabarlarini tashqi dunyo bilan muloqotda bo‘lmaydigan O‘zbekiston rahbari oilasi hayotiga darcha, deya ta‘riflaganlar.

BBC Gulnora Karimova bilan Twitter orqali inson huquqlari va Andijon fojeasi mavzularida muloqot qilgan Endryu Shtrolaynga bog‘landi va Karimova xonim hisobining Twitterdan yo‘qolib qolgani ortida qanday sabablar bo‘lishi mumkin deb so‘radi.

Endryu Shtrolayn: Tabiiyki, men buning ortida yotgan aniq sabablarni bilmayman. Ehtimol, deyarli hammaning Gulnoraga inson huquqlari poymol etilayotgan O‘zbekiston rejimiga bo‘lgan aloqalarini yuziga solayotgani uning joniga tekkandir. Bundan tashqari, ochiq matbuot bilan diktatorlik bir yo‘ldan bormaydilar. Buning sababi yaqin orada aniq bo‘lishi mumkin.

BBC: Siz Gulnora Karimovaning Twitterdagi hisobi xakerlar hujumiga uchragan, deb o‘ylaymasizmi?

Endryu Shtrolayn: Bo‘lishi mumkin, bu ham ehtimoldan xoli emas. Odatda xakerlar hujum qilgan Twitterdagi hisob tez vaqtda o‘nglanib qayta ishga tushishi mumkin. Agar qisqa vaqt ichida o‘nglanmasa... Kim bilsin, buning ortida qanday sabablar turibdi.

BBC: Siz Gulnora Karimova o‘ziga xos ochiqlik bilan ko‘plarni unga ergashishga, ya‘ni Twitterdagi yozuvlarini kuzatib borishga undagani, va ba‘zan muxolif fikrdagilarga "tashlanib qolishlari", sizning so‘zlaringiz bilan aytsak, g‘alati yangiliklar magniti bo‘lib qolganini tan olasizmi?

Endryu Shtrolayn: U g‘alati yangiliklar magniti ekanligi aniq. Va agar u Twitterdan umuman g‘oyib bo‘lsa ham bu tushuncha unga nisbatan o‘zgarmaydi deb o‘ylayman. Lekin men uning ochiq bo‘lishiga shubha bilan qarayman. Men oxirgi bir yil ichida u bilan bir necha bor Twitterda muloqotda bo‘ldim. Mening fikrimcha u ochiq bo‘lmagan. Men undan muntazam ravishda O‘zbekistonda inson huquqlari poymol etilayotgani borasida bir necha bor savol so‘raganman. Axir, u Jenevadagi O‘zbekiston elchisi degan maqomga ega bo‘lgan. Biroq biror marta ham u savollarga ochiqdan-ochiq javob qaytarmagan. Aslida men bu Gulnora Karimovaning Twitterdagi soxta hisobi bo‘lgan, deb o‘ylayman, ya‘ni u Twitterda bir necha muloqot olib borgan, lekin ular mutlaqo ma‘nisiz bo‘lgan.

BBC: Sizning fikringizcha, uning atrofdagilari, oilasi, va birinchi navbatda, ishonilishicha, mamlakatdagi ichki vaziyatdan bexabar bo‘lgan otasi, agar Gulnora Twitterga qo‘ygan rasmlarni ko‘rganida, xafa bo‘lib, hafsalasi pir bo‘lardi, deb o‘ylaysizmi?

Endryu Shtrolayn: Gulnora Karimova shuncha ko‘p rasmlarini Twitterga qo‘yganki, har qanday insonning ularning hammasini ko‘rishga qurbi yetmagan bo‘lardi. Men ayrimlarini ko‘rganman, ularning hammasi o‘zini o‘zi ko‘klarga ko‘tarish maqsadini ko‘zlagan deb aytsak bo‘ladi. U o‘zini ko‘z-ko‘z qilib, o‘zini muhtojlarga shafqatli, xayr-saxovatli kishi qilib ko‘rsatishga harakat qiladi. Agar otasining ko‘zi Gulnoraning ba‘zi rasmlariga tushganida, qizidan, balki g‘azablangan bo‘lardi. Men Islom Karimovning qizi Gulnora bilan uning Twitter hisobi haqida gaplashayotganini eshitishni juda ham xohlardim. Lekin bu so‘zlar albattaki taxminlar, biroq shu bilan birga, bu suhbat qiziq suhbat bo‘lardi, deb o‘ylayman.