Londonning mashhur "qora" taksilari Avstraliyaga "oqarib" boradi

Ayon bo‘lishicha, o‘zining tarixiy "qora"ligi bilan faqat Londonga xos sifatlardan biriga aylangan bu kabi "an‘anaviy taksi"larga Avstraliyadagilarning ham ishqlari tushib qolibdi.

Tijorat, degani daromad emasmi, London Taksi Shirkati uchun ham pul ishlashning qoyilmaqom imkoniyati.

Shirkat Avstraliyaga yuztacha taksi jo‘natishga jo‘natibdiyu, ammo qorasining o‘rniga oq ranglisini yuborishga ahd qilibdi.

Ularning nega bunday qarorga kelishganiyu, qora taksining o‘rniga oqining yuborilganiga avstraliyalik buyurtmachilar munosabati qanday bo‘lgani hozircha ma‘lum emas.

Ammo, shunisi aniqki, rangiga qaramay, kelasi bir necha hafta ichida Avstraliya mas‘ullari taksilarning o‘z yo‘lovchilariga qanchalik ma‘qul tushishini sinab ko‘rishmoqchi.

Agar, fuqarolari, "qoyilmaqom", degan to‘xtamga kelishsa esa, London Taksi Shirkatiga yanada ko‘proq buyurtma berishmoqchi.

Bu shu yil sentyabr oyida o‘z faoliyatini Xitoy shirkati boshqaruvi ostida qayta boshlagan London Taksi Shirkatining dastlabki buyurtmalaridan biri bo‘ladi.

Ammo London shirkati ijroiy rahbari oq taksilari Avstraliyada ham hammaning ko‘ngliga o‘tiradi, degan ishonchda.

Uning aytishicha, hatto, Londonning o‘zida mahalliy haydovchilar, "Menga sotgin, menga sotgin", deb 50 ta oq taksi tekkan buyurtmachining boshini shishirib yuborishgan.

Evan Saymonga ko‘ra, sobiq qora taksi haydovchilari "oqi"lik ham bo‘lish istagidan tashqari, avstraliyalik hamkasblari bilan o‘z haydovchilik sirlari bilan bo‘lishishmoqchi.