Ayolning prezident bo‘lishiga jamiyat qanday qaraydi?

Image copyright BBC Pashto

Afg‘oniston siyosatida deyarli notanish va yakkayu yagona ayol nomzod bo‘lgan Xadicha xonim G‘aznaviy aksariyati nihoyatda qudratli siyosatchi va sobiq mujohiddin qo‘mondonlari bo‘lgan o‘ttizga yaqin erkak raqiblari bilan prezidentlik uchun bellashmoqchi.

Millati hazara bo‘lgan Xadicha xonim Tolibon tuzumi qulatilgan 2001 yildan buyon prezidentlik saylovlarida ishtirok etayotgan to‘rtinchi ayol nomzod bo‘ladi.

Ammo oralarida Mas‘uda Jalol kabi taniqli ayollar bo‘lganiga qaramay, ungacha bo‘lgan hech bir nomzod Afg‘oniston prezidentlik saylovlarida yaxshi natija qayd eta olishmagan.

Mahalliy kuzatuvchilar esa, Afg‘onistonda ayol kishining qudratga kelishiga asosan uch omil: xalqning mentaliteti, urf-odat va an‘analar to‘sqinlik qilayotganini aytishadi.

Ammo, ularga ko‘ra, bularning barchasini yengib o‘tishga qodir bo‘lgan ayrim afg‘on ayollari ham bo‘lishsa-da, avtoritet va qudrat masalasida erkaklarga bas kelisholmaydi.

"Afg‘oniston xalqi rahbar sifatida yaxshi, boobro‘, jiddiy, aytgan gapining ustidan chiqa oladigan va dunyo bilan yaxshi aloqa bog‘lay oladigan insonni istaydi", - deydi Turkiyadan siyosiy tahlilchi Abdulsalom Osim:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Xadicha xonimning o‘z nomzodini prezidentlikka ilgari surishi esa, Afg‘onistonda ayollarga o‘ta qattiqqo‘lligi bilan tanilgan Tolibon harakati kuchayayotgan va xorijiy qo‘shinlar ortga safarbarlikni ko‘zlayotgan bir pallada kuzatilmoqda.

Afg‘onistonda Tolibon tuzumi qudratda bo‘lgan 90-yillar oxirlarida xotin-qizlarning nafaqat ta‘lim olish va ishlash, erkak hamrohsiz, hatto, ko‘chaga yolg‘iz o‘zlarining chiqishlariga ham izn berilmagan.

"Ayol kishi otga minganda..."

Image copyright Getty

Ayni o‘rinda ta‘kidlash joiz, bu yaqinu uzoq tarixida Afg‘onistonni ayol kishi boshqargan emas.

Hukumat bo‘g‘inlarida ayol siyosatchi ko‘tarilgan eng yuqori lavozim Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha vazirlik bo‘ladi.

Afg‘oniston tarixidagi ayol kishi boshqargan ilk partiyaga ham bor-yo‘g‘i o‘tgan hafta asos solingandi.

Uning tashkilotchisi bo‘lgan Favziya Kufiy xonimlari ham Afg‘oniston tarixida birinchi bor parlament spikeri muovini darajasiga ko‘tarilgan ayol siyosatchi bo‘ladi.

Afg‘onistonning o‘ttizdan ortiq viloyat va to‘rt yuzga yaqin tumani hokimlari orasida ham ayollarining soni bor-yo‘g‘i ikkita.

Ana shu ayollardan biri ham shu yil boshida O‘zbekiston bilan bevosita chegaradosh Afg‘oniston shimolidagi qudratli siyosatchilardan biri, O‘zbek generali Abdulrashid Do‘stum tug‘ilgan tumanga hokim etib tayinlangandi.

45 yoshli Sayyora Shikib Saodat Afg‘oniston tarixida va o‘zbeklar yashovchi tumanda hokimlik lavozimini egallagan ilk ayol kishi bo‘lgandi.

Boshqasi esa, yillarki, yaqin-yaqingacha o‘zining ulkan tarixiy Budda haykallari bilan nom chiqargan Bomiyon viloyatida hokimlik qilayotgan Habiba Sarobiy xonimlaridir.

Ammo Afg‘oniston joylashgan mintaqa uchun ayol davlat rahbarlari begona emas.

Deylik, xalqning mentaliteti, urf-odat va an‘analari Afg‘onistondagisi bilan bir xil bo‘lgan qo‘shni Pokistonda hozirda marhum Benazir Bhutto xonim ikki bor Bosh vazirlik qilgan.

Qanchalar an‘anadorligi borasida Afg‘onistondan ham o‘tib tushgan Hindistonni esa, o‘z vaqtida Indira Gandi xonimlari boshqargan.

Qo‘shni Qirg‘izistonda ham mahalliy qirg‘izlar va o‘zbeklar orasida qonli nizolar kelib chiqib, yuzlab insonning umriga zomin bo‘lgani aytilgan yili hokimiyatga ayol prezident - Roza O‘tinboyeva kelgandi.

O‘tinboyeva xonim o‘shanda Markaziy Osiyo mintaqasida davlat rahbarligi lavozimini egallagan ilk ayol siyosatchi bo‘lgandi.

Kelasi yilgi prezidentlik saylovlari arafasida O‘zbekistonda ham to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova prezident Islom Karimovning ehtimoliy merosxo‘rlaridan biri sifatida ko‘riladi.

Ammo ayrim mintaqaviy tahlilchilar uning rang-barang faoliyatini nazarda tutib, katta siyosatga qanchalik layoqati yetishini savol ostiga olishsa, boshqalari ayol rahbarni xalqning mentaliteti qanchalik qabul qilishiga e‘tiborni tortishadi.

Ayni o‘rinda shuni ham ta‘kidlash joizki, O‘zbekistonni ham o‘z zamonaviy tarixida halicha ayol kishi boshqargan emas.