Pasportning yaxshi-yomoni yoki O‘zbekiston pasportiga nima deysiz?

Image copyright none
Image caption O‘zbekistonlik muxolifat faoli fuqarolarining qanchalik erkin sayohat qilishlariga imkon berishi mazmunida O‘zbekiston pasportini bemalol Afg‘onistonniki bilan yonma-yon qo‘yish mumkin, deydi

Henley&Partners tashkiloti, agar ta‘bir joiz bo‘lsa, bu yil dunyodagi "Eng zo‘r pasport", deb Finlandiya, "Eng yomoni", deb Afg‘onistonnikini topgan.

Tashkilot o‘zi tadqiqot olib borgan davlatlardagi viza cheklovlarining darajasiga qarab, bu kabi xulosaga kelgan.

Pasporti fuqarolariga mazza qilib dunyoning istalgan burchagiga sayohat qilishga imkon beruvchi "eng zo‘r" davlatlar uchligiga Finlandiyadan tashqari, Shvetsiya va Buyuk Britaniya kiritilgan.

Fuqarosining o‘zga davlatga safar qilishi juda qiyin bo‘lgan mamlakatlar ro‘yxatida Afg‘onistondan keyingi yuqori ikki o‘rinni Pokiston va Nepal egallashgan.

O‘zbekiston kabi chiqish vizasi amalda bo‘lgan dunyodagi bor-yo‘g‘i ikkita davlatdan biri bo‘lgan Shimoliy Koreya esa, pasporti "Eng yomon", deb topilganlar o‘nligida to‘qqizinchi o‘rinni egallagan.

Ammo, bu o‘nlikka kiritilgan mamlakatlar ro‘yxatiga qaralsa, unda O‘zbekiston doxil biror bir Markaziy Osiyo davlati ham, boshqa bir MDH vakili ham ko‘zga tashlanmaydi.

Rossiya esa, "Eng zo‘r" va "Eng yomon" pasportlilar o‘rtasida 41-o‘rinni egallab turibdi.

Bu yil dunyoda pasporti "Eng zo‘r" ikkita davlatdan bittasi, deb topilgan Shvetsiyadan o‘zbekistonlik muxolifat faollaridan Hazratqul Xudoyberdi O‘zbekiston nazarda tutilganda, fuqarolarning erkin sayohat qilishga qanchalik imkonli ekanliklari juda muhim masala ekanini aytadi.

"Bu - judayam dolzarb mavzu. Ayni kunlarda O‘zbekiston fuqarolari, hattoki, qo‘shni Qozog‘istonga o‘tish yoki Rossiyaga borish va yo chet ellarga sayohat qilishda juda ko‘p muammolarga duchor kelib turishgan bir paytda bu masala judayam muhim. Qachongacha insonlarni qiynash kerak?.." - deydi u.

Pasport nima degani?

Image copyright bbc
Image caption Turli sabablar bilan chetga chiqish istagidagi o‘zbekistonliklarning soni ortib borarkan, bugun chiqish vizasi tartibi ular orasida eng ko‘p muhokama etilayotgan mavzulardan biriga aylangan

"Pasport degan narsa bir insonning kimligini tasdiqlovchi hujjat. Bu - birinchidan. Ikkinchidan, bu inson hech qanday jinoyat qilmagan bo‘lsa, biror bir davlatga bormoqchi bo‘lsa, marhamat, tekshirib, chegaradan o‘tkazish kerak. Pasport u kiradigan davlatda tekshiriladigan hujjat hisoblanadi, chiqadigan davlatda emas. Qaysi "normal" davlatda ko‘rasizki, odam o‘zining mamlakatidan chiqish uchun viza olishi kerak! Bu eng orqada qolgan davlatlarning siyosati, bu 1920 yillarning siyosati. Bu 2013 yil, axir".

Ayni o‘rinda shuni ham ta‘kidlash joizki, O‘zbekiston MDH davlatlari orasida o‘z mustaqilligini e‘lon qilishi ortidan ham chiqish vizasi tartibini amalda saqlab qolgan yagona mamlakatdir.

Mavjud holatning sababiga o‘z bahosini berarkan o‘zbekiston faol, "Ular butun insonlardan, o‘zining fuqarolaridan shubhalanadi. Har bir insonni jinoyatchi sifatida ko‘radi", - deydi.

"Normal inson, bu - mening fuqarom-ku, ularga yordam berishimiz kerak, degan insoniy, demokratik talablar, insonlarga munosabat, degan narsa davlat siyosatida yo‘q-da. Boshdan-bosh o‘rganish bo‘lgan. O‘sha Sovet davridan qolgan tartib, fuqarolarni qattiq nazorat ostida ushlab turish haligacha qolib ketgan".

Faol bu masalada O‘zbekistonning jo‘g‘rofiy joylashuvi ham ta‘sir qilishini aytadi.

"Qo‘shning ko‘r bo‘lsa, ko‘zingni qis", deydi. Atrofida Afg‘oniston, Tojikiston, uyog‘da Turkmanistonga o‘xshagan davlatlar turibdi. Hammasi diktator davlatlar, bir-biridan rang oladi. Bir-biridan o‘rganadi. Davlat rahbarlari dunyoga chiqib turishsa, ko‘rib turishsa, o‘rganishsa, o‘rgangan narsasini tadbiq qilishning harakatini qilishsa, unda ahvol o‘zgarishi mumkin", - deydi o‘zbekistonlik faol.

O‘zbekistondagi og‘ir iqtisodiy vaziyat, risoladagidek ish topish imkoniyatlarining haminqadarligi va globalizatsiya jarayoni sabab, so‘nggi yillarda o‘zga yurtlarni ixtiyor etayotgan insonlar soni keskin ortarkan, chiqish vizasi tartibi fuqarolar orasida eng ko‘p muhokama etilayotgan mavzulardan biriga aylangan.

Deylik, agar norasmiy raqamlarga tayanilsa, bugungi kunda birgina Rossiyada mehnat qilayotgan o‘zbekistonliklarning soni besh millionga yetib qolgan.

Ular ortga yuborayotgan milliardlab dollar mablag‘lar esa, hozir O‘zbekiston iqtisodini tutib turgan asosiy daromad manbaiga aylangan.

Chiqish vizasi

Image copyright BBC World Service
Image caption Hozir O‘zbekiston bilan, hattoki, aksariyat mintaqa davlatlari orasida ham qat‘iy viza tartibi amal qiladi

Ammo, Hazratqul Xudoyberdining aytishicha, hatto, ana shu vaziyat ham O‘zbekistonda bu yaqin orada chiqish vizasi tartibining bekor qilinishiga olib kelmaydi.

"Afsuski, hozirgi olib borilayotgan siyosat davom etadi hali. Chunki kadrlar o‘zgarmasa, ahvol o‘zgarishi qiyin-da. Istagan bir kichkina tashkilotni olsangiz ham, agar rahbarlarini o‘zgartirmasa, bir olib borayotgan siyosatini o‘zgartirmasa, ahvol o‘zgarmaydi-da. Bu rahbariyat o‘zgarmas ekan, davlat ichki siyosati ham o‘zgarmaydi. A pasport masalasi katta siyosatning ichidagi bitta bo‘lagi buyam".

Faol, o‘z o‘rnida, agar O‘zbekistonda chiqish vizasi tartibi bekor qilinsa, insonlar bemalolroq harakat qilish huquqini qo‘lga kiritishlari, erkinroq chiqqandan keyin, bemalol o‘zining ishini qilib, davlatiga qaytib kelib, daromad keltirib, buning ikki tomonga ham: davlatgayam, insonlargayam foydasi bo‘lardi", deydi.

"Konstitutsiyada yozilgan, "Har bir inson istagan davlatga chiqish erkinligiga ega", deb. Afsuski, konstitutsiyadagi bu modda ham, boshqa moddalar ham buzilayapti-da".

Hozir O‘zbekiston bilan, hattoki, aksariyat mintaqa davlatlari orasida ham qat‘iy viza tartibi amal qiladi.

Henley&Partners o‘z tadqiqotlarini olib borgan davlatlarning butun dunyo bo‘ylab saralab olingani aytiladi.

O‘z o‘rnida, ushbu tashkilotning bildirishicha, bu yil ilk bor xalqaro aloqalar va bir davlatning boshqasiga bo‘lgan munosabatini ham tadqiq qilishgan.