Ozarbayjon: Ilhom Aliyev uchinchi muddatga saylanishi kutilmoqda

Image caption Prezidentlik saylovida Ilhom Aliyev g‘alabasiga hech kim shubha qilmaydi

Neftga boy Ozarbayjonda prezidentlik saylovi boshlangan.

Unda joriy prezident Ilhom Aliyevning uchinchi bor g‘alaba qilishi kutilmoqda.

BBC muxbiriga ko‘ra, Ilhom Aliyev o‘z g‘alabasiga shunchalar ishonadiki, u hatto prezidentlik saylov oldi kampaniyasini ham o‘tkazmagan.

Muxolifat faollari bir necha bor ovoz berayotgan saylovchilar suratlari va viyedolarini tarqatganlar.

Prezidentlik kursisi janob Aliyevga otasi Haydar Aliyevdan qolgan.

U umumxalq referendumi orqali mamlakat konstitutsiyasini o‘zgartirib, prezidentlik muddatini uzaytirgan.

Inson huquqlarini himoya qiluvchi guruhlarga ko‘ra, prezidentlik saylovi arafasida hukumat o‘z tanqidchilarini ayovsiz ta‘qib etishga tushgan.

Biroq aholisi 9 million bo‘lgan Ozarbayjonda siyosiy muxolifat mamlakatning iqtisodiy rivojlanishi tufayli ham kuchsizlangan.

Oxirgi yillarda neft eksporti evaziga Ozarbayjon yalpi ichki mahsuloti uch baravarga ko‘paydi.

Tafovutsizlik va qo‘rquv

Turli partiyalar ittifoqidan namoyandalik etuvchi muxolifatning asosiy nomzodi 61 yoshli tarix professori Jamil Hasanlidir.

Undan tashqari prezidentlik kursisi uchun yana besh parlament vakili hamda unchalik tanilmagan ikki nafar muxolifat nomzodi kurash olib borishmoqda.

Tanqidchilar so‘zlariga ko‘ra, ulardan ba‘zilari muxolifat tarafdorlari sonini ozaytirish uchungina o‘z nomzodini ilgari surgan.

BBC muxbiri Rayhan Demetriening aytishicha, ularning hech biri mutlaq qudratdan bahra olayotgan prezidentga jiddiy raqib bo‘la olishmaydi.

2003 yilda prezidentlik kursisini otasidan me‘ros olgan Ilhom Aliyev 2009 yilda umumxaliq referendumi o‘tkazib, ikki davralik prezidentlik muddatini bekor qilgandi.

Xalqaro kuzatuvchilar saylov oldi kurashlari saylovchilar tafovutsizligi va qo‘rquvi fazosida o‘tgan.

Yaqinda chiqarilgan Human Rights Watch hisobotida ta‘kidlanishicha, o‘tgan yil davomida hukumat fuqarolik jamiyati ustidan nazoratni kuchaytirgan va o‘zgacha fikrni bo‘g‘ishga qaratilgan qator qonunlarni qabul qilgan. Ruxsat etilmagan namoyish uchun 10,000 dollar jarimaning belgilanishi ana shular jumlasidandir.

Shuningdek, o‘nlab siyosiy faollar hibsga olingan va ozodlikdan mahrum etilgan.

Ozarbayjon Ovro‘po bozoriga neft yetkazib beruvchi sanoqli mamlakatlardan biridir.

O‘tgan o‘n yil davomida Ozarbayjonda yashash darajasi bir necha bor yaxshilangani aytiladi.

Biroq tanqidchilar mamlakatda korruptsiya endemik darajaga yetgani hamda boylar va kambag‘allar o‘rtasidagi tafovut tobora kuchayib borayotganini aytishadi.