O‘zwebchilar hamma futbolchilar paxtaga olib chiqilishi tarafdori

Image caption O‘zbek futbolchisining paxta dalasidagi surati Twitterda paydo bo‘ldi

Farg‘onaning "Neftchi" futbol jamoasi o‘yinchilari paxta dalalariga olib chiqilgan. Bu haqida kun.uz internet sahifasi 7 oktyabrda xabar tarqatdi.

Xabarda aytilishicha, futbolchilarning agenti San‘at Sharipov bu haqida Twitterda bildirgan. "Sharipovning qo‘shimcha qilishicha, 7 oktyabrdan "Neftchi" jamoasining barcha a‘zolari paxta terimiga chiqqan. Futbolchilar qachongacha paxta terimida bo‘lishlari noma‘lum", - deyiladi xabarda.

Bir kun o‘tib, 8 oktyabrda darakchi.uz sahifasida paydo bo‘lgan sarlavha "Neftchi" oxirgi o‘yinida mag‘lubiyatga uchrashi ortidan paxta terishga majburlanganiga ishora qilgan.

"Neftchi futbolchilari mag‘lubiyatdan so‘ng paxta terimiga chiqishdi" deb nomlangan maqola ham San‘at Sharipovning twitini iqtibos qildi.

Yana bir ommabop Olam.uz sayti ham bu haqida xabar tarqatdi. "Biz ma‘lumotni tasdiqlash yo rad etish uchun jamoaning ma‘muriyatiga bog‘lanishga urindik, lekin kun bo‘yi hech kim go‘shakni ko‘tarmadi", - deb yozadi portal.

Olam.uz "Neftchi"ning matbuot kotibini topish ilinjida O‘zbekiston futbol federatsiyasiga bog‘langan, biroq federatsiya kotibning telefon raqamlarini bilmasligini aytgan.

Twitter

O‘zining Twitterdagi "@SanatSharipov" nomli akkauntida janob Sharipov Neftchining hujumchisi Pavel Smolyachenkoning bir hovuch paxta ushlab tushgan suratini chop qilgan.

"Neftchi o‘yinchisi Pavel Smolyachenko paxta terayapti. Milliy jamoamiz xodimlari ham bularga o‘xshab o‘z yurti uchun ishlasa yaxshi bo‘lardi!" - deb yozgan Sharipov suratga ilova tarzida.

"TOKHIR ABDULLAEV" nomli twitchi: "Pavel "Lokomotiv" jamoasiga o‘ynaydi, shunday emasmi?" - degan savoliga Sharipov hazil aralash: "Yo‘q, u paxta dalasida!" - deya javob qaytargan.

"Muhrim A'zamxojayev"ning "Butun jamoa daladami yo faqat Smolyachenko?" - degan savoliga Sharipov: "Butun jamoa bugundan boshlab dalaga chiqdi", - deb javob qaytargan.

"Ikrom Mamajonov" esa: "Faqat Pasha (Pavelning qisqartirilgan oti) emas, butun "Neftchi" dalaga chiqqan ko‘rinadi, hozir buni bilib oldim. Ular bo‘sh vaqtlaridan unumli foydalanishmoqda", - deb twit qoldirgan.

Sharipov bu twitga: "Ular o‘qituvchilardan yomonmi? Aksincha, og‘ir mehnat nimaligini bilib qo‘yishsin", - deya javob bergan.

"Siz haqsiz! Biz ham paxta terardik. Qiziq, ertalab qizimning bog‘chasi ma‘muriyati ham meni majburiy-ko‘ngilli ravishda paxta terishga chaqirdi", - deya suhbatni davom ettirgan "Ikrom Mamajonov".

"Nima deyishsa deyishsin, lekin shunday qoida bor ekan, unga bo‘ysunish kerak. Paxtaga olib chiqilayotganda, kasbiga qarab o‘tirmaslik kerak: u futbolchimi yo‘qmi, deb. Futbolga bog‘liq bekorchi idoralarning go‘yoki ishlab, bir-biri bilan gurunglashib o‘tirgan hamma xodimlari paxta dalalariga olib chiqilishlari kerak! Ana shunday keyin haqiqat nimaligini bilishadi", - deb yozgan janob Sharipov.

Internetdagi boshqa foydalanuvchilar ham barcha futbolchilar paxta terimiga jalb etilishi kerakligini aytganlar.

Futbolchilarning paxta terayotgani darakchi.uz saytida ham muhokama qilingan. "Xayrulla" ismli foydalanuvchi: "Mana yangilik, o‘zi hamma futbolchilarni paxta terimiga yuborish kerak", - deb yozsa, "Otabek0505": "Original ideya! Shu usulni MTJmizda sinab ko‘rmaymizmi? )))" - deb fikr bildirgan.

"Huddi Terma jamoani ham Nefchi singari Paxtaga kamida 10 kunga terimga yuborish kerak edi. Ana keyin ko‘ring Biz Braziliyani yutamiz", - deb yozgan "Elmurod".

Olam.uz xabarlar portalida muhokamaga qo‘shilgan "Jurat Rakhimov" "Milliy jamoa sardori Mirjalol Qosimovni ham paxtaga olib chiqishsin", - deb yozsa, "Bakhtiyor Akmedov": "Balki ular futbol o‘ynashdan ko‘ra, paxta terishni eplashar?" - deya savol qoldirgan.

Your contact details
Disclaimer