Amal kursisiga mingan O‘zbek to‘ralari g‘orga qaytmoqdalarmi?

Qator ommaviy axborot vositalarining xabar qilishicha, Surxondaryo viloyati Qiziriq tumani hokimi paxta terish rejasini topshira olmagan fermerni do‘pposlab haqorat qilgan.

Hodisa joyiga fermerning keksa ota-onasi kelib, tuman hokimini nega fermerning onasini haqorat qilgani sababini tushuntirishni talab qilganlar.

O‘zbekistonda paxta yoki don topshirish rejasini bajarmagan insonlarni amaldorlar haqoratlashlari va hatto kaltaklashlari haqida ko‘p marotaba xabarlar tarqalgan.

O‘zbek amaldorlarining bunday zo‘ravonliklari allaqachon bir necha insonlarning umriga zomin bo‘lgan, ammo huquq-tartibot organlari bu jinoyatlar yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atmagan.

27 sentyabr kuni Qashqadaryo viloyati hokim lavozimidan bo‘shatilgan Turobjon Jo‘rayev bundan oldin Surxondaryo viloyatiga rahbarlik qilgan edi.

U Surxondaryo viloyatidan ishdan ketishidan oldin shaxsan bir fermerni ko‘pchilik oldida tahqirlagani va shundan keyin fermer o‘z joniga qasd qilgani haqidagi xabarlar tarqalgan.

Prezident Islom Karimovning o‘zi shu yil boshida Toshkent viloyati hokimini almashtirguncha sobiq hokimning zo‘ravonligini tanqid qilgan edi.

Uzmetronom web-saytiga ko‘ra, hozirgi Toshkent viloyati hokimi Ahmad Usmonov Andijon viloyatidan ketishi haqidagi xabardan suyungan andijonliklar qo‘y so‘yib berishga va‘da berganlar.

Ayni paytda Shvetsiyada istiqomat qiladigan o‘zbekistonlik jurnalist To‘lqin Qorayev bu yilgi paxta mavsumi allaqachon bir necha inson o‘limiga sababchi bo‘lganiga bag‘ishlangan tahliliy maqola e‘lon qilgan, bu maqolada u vatandoshlarini befarqlikda ayblagan.

To‘lqin Qorayevga ko‘ra, O‘zbekiston zo‘ravonlikka asoslangan mamlakat va shuning uchun ham inson qadr-qimmatiga ahamiyat berish degan narsalar yo‘q.

"U yerda maqsad bitta - ishni bajar, buyruqni bajar. Buyruqchilik odatda harbiylarda bo‘ladigan narsa. Ammo O‘zbekiston sharoitida oddiy grajdanlar tepasiga ham buyruq keladi. Bunday sharoitda nafaqat hokimlar, oddiygina rahbarlarning ham o‘zining qo‘li ostidagi odamlarni haqoratlashi, urishi tabiiy hol. Juda ham tashvishlanarli tomoni shundaki, aksar hollarda oddiy odamlar ham buni tabiiy deb qabul qilishadi. "Rahbar bo‘lganidan keyin so‘kadi-da", deb qo‘yishadi", deydi To‘lqin Qorayev.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

O‘zbekistonda yuqori minbarlardan yuksak ma‘naviyat, madaniyat, odob-axloq haqida ko‘p gapiriladi.

Biroq mamlakat mustaqil bo‘lganidan keyin rahbar kadrlarning qanchalar madaniyatli, odob-axloqli inson ekani namuna sifatida ko‘rilmay qolgan.

Respublikada Sharof Rashidov yoki O‘lmas Umabekovdek intelligent-ziyoli inson fazilatlariga ega, yuksak madaniyatli, odob-axloqli mutaxassislar yuksak qadrlanmay qo‘ygani kuzatiladi.

Aksincha, eng yuqori darajadagi va butun respublikaning eng nufuzli, obro‘li insonlari va vazirlari qatnashayotgan majlislarda ham do‘q-po‘pisa bilan gapirish tabiiy holga aylanganiga ancha yillar bo‘ldi.

Rahbar o‘z qo‘li ostidagini qancha haqoratlab-so‘ksa, kuldon bilan boshiga ursa yoki tepsa, shuncha hurmatga sazovor bo‘lishi kerak, degan feodal zamonga qaytish alomatlari ustun ko‘rila boshladi.

O‘zbekistonda "Ma‘naviyat va ma‘rifat" markazlari tashkil etilgan, lekin shu paytgacha ma‘naviyatni yuksaltirish haqidagi ma‘ruzachilar madaniyatsiz "arbob"larning axloqsizligini tanqid qilishga jur‘at etmaganlar.

Hokimlarning mushtumzo‘rligi ko‘paygani haqidagi xabar tarqalganidan keyin yozuvchi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Nusrat Rahmat Facebookdagi sahifasida ushbu holatlardan afsuslanib quyidagilarni yozdi:

"Hokim va hokimchalarning kichik chinovniklarni, gohida fermerlar, dehqon va chorvadorlarni odamlar orasida so‘kishi, urishi, yiqitib olib, tepkilashi millatimiz uchun or bo‘lgan, bag‘oyat xunuk odatdur. Xaloyiq orasida qadru−qiymati tuproqqa qorishtirilayotgan haligi mutening bosh egib, tirjayiib turishi undan ham xunukdir. Ehtimol, ana shu kichik amalga pora berib ilashgandir, haligi katta itdan til qisiqligi bordir, balki topshiriqni bajarmagandir va hokazo. Lekin nima bo‘lganda ham, qarshilik ko‘rsatmagani, javoban katta amaldorning gardaniga tushirmagani hezalaklikdan boshqa narsa emas. Sho‘rolar davrida bunday holni tasavvur qilib ham bo‘lmasdi. Atrofimizdagi − Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘izistonda ham insonni bu qadar kamsitish, xo‘rlashga yo‘l qo‘yilmas ekan. Tasavvur eting: rus kishisini boshlig‘i ko‘pchilik orasida so‘ksa yoki ursa, indamay, bosh egib turoaladimi? Gruzin, ozarbayjon, habashchi... Hatto (kichik harf bilan yoziladigan) neandartalni ursangiz ham cho‘qmori bilan basharangizni buzib qo‘yadi. Biz esa katta harf bilan yoziladigan... Nahotki, tag‘in g‘orlarga qaytayotgan bo‘lsak..."