Rossiya: Biryulevodagi tartibsizliklardan so‘ng mingdan ortiq muhojir ushlandi

Image copyright Reuters

Moskva janubida joylashgan Biryulevo mavzesida millatchilik ruhidagi ommaviy tartibsizliklardan bir kun o‘tib politsiya 1200dan ortiq mehnat muhojirini qo‘lga olgan.

Muhojirlarni tartibsizliklar ro‘y bergan meva-sabzavot bazasida ushlashgan.

Rasmiylarga ko‘ra, reyd mobaynida bazadan shuningdek, pul va qurol-yarog‘ ortilgan mashina topilgan.

Politsiya xodimlaridan birining BBCga bildirishicha, muhojirlarni 15 avtobusga 40 kishidan joylab olib ketishgan.

Rossiya matbuoti faqatgina bir necha kishi qo‘lga olinganligini xabar qilmoqda.

Politsiya matbuot xizmatining bildirishicha, muhojirlarni shu yaqin atrofdagi bo‘linmalarga olib boorib, tegishli tekshiruvlarni o‘tkazgangandan so‘ng ularga nisbatan qanday chora ko‘rilishi haqida qaror beriladi.

Biryulevodagi tartibsizliklar o‘tgan payshanba kuni 25 yashar Yegor Shcherbakovning rus bo‘lmagan bir kimsa tarafidan o‘ldirilishi ketidan yuzaga kelgan.

13 oktyabr kungi namoyishga chiqqan yuzlab kishilar 25 yoshli Yegor Shcherbakovning qotilini tutishni talab qildilar.

Shcherbakovni payshanbaga o‘tar kechasi qizining ko‘z o‘ngida pichoqlab o‘ldirishgandi. Qizning aytishicha, hujumchi Qofqozlik yoda Markaziy Osiyolik bo‘lgan.

Huddi shu kuni Biryulevoliklar politsiya vakillari bilan uchrashib, qotilni tutishda o‘z yordamlarini ham taklif qilishgan. Bu uchrashuvdan keyin xalq yig‘inini o‘tkazishga kelishib olingan.

Image copyright AFP

Lekin xalq yig‘ini tez orada tartibsizliklarga aylandi.

Bir guruh yoshlar savdo markazi derazalarini sindirib, ichkariga bostirib kirishga harakat qildilar.

Keyin olomon muhojirlar ishlaydigan meva-sabzavot bazasiga tomon siljidi. Yo‘l -yo‘lakay tarvuz sotuvchi peshtaxalarni vayron qilishgan. Bu vaqtga kelib, hodisa yeriga politsiya maxsus kuchlari yetib kelishdi. Politsiyaning olomonni tarqatish hakratlariga qarshilik qilganlar ularga shisha va axlat qutilarini irg‘itdilar.

Kechga tomon ijtimoiiy tarmoqlarda soat 9.30da yana bir xalq yig‘ini o‘tkazilishi haqida ma‘lumotlar chiqa yuoshladi. Savdo markazi o‘ngida yana olomon yig‘ildi.

Ular "Rossiya -ruslar uchun, Moskva moskvaliklar uchun" deya shiorlarni ayta boshladilar.

Politsiya bu yerga avtobus va mikroavtobuslarni olib kelib, chiqish qatnashchilaridan eng ashaddiylarini qo‘lga ola boshlagan. Qarshilik ko‘rsatganlarni, kaltkalab olib ketishgan.

Ushbu hodisalar butun Rossiya bo‘ylab ruslar va sobiq Ittifoq respublikalaridan bo‘lgan, shuningdek Shimoliy Qafqozlik mehnat muxojirlari o‘rtasida tanglik kuzatilayotgan bir vaqtda ro‘y bermoqda.

Rossiya bo‘ylab oxirgi yillarda irqiy qotilliklar soni kamaygan bo‘lsa ham, hamon o‘nlab muhojirlar ular tarafidan kaltaklanadi, talanadi va oxirgi oylarda noqonuniy reydlar qurboniga aylanishmoqda.

Biryulevodagi hodisalar Rossiyada zo‘ravon millatchilik qanchalik kuchayotganini yana bir bor isbotlaydi.

Irqchilikka asoslangan zo‘ravonliklar ildizi kayerda?

Ferghana.ru axborot agentligi muharriri Daniil Kislovning BBC bilan suhbatda aytishicha, zo‘ravonlik negizlari doimo jamiyatning past tafakkur darajasi va hukumat inqirozida yotadi.

Daniil Kislov: Kecha yuz bergan hodisalarni ikkiga bo‘lish kerak aftidan: birinchisi, beboshlikka azm qilgan yosh yigitlar sodir etgan talon tarojlar va ikkinchisi, etnik xarakterdagi jinoyatlarning ortib borayotganiga qarshi chiqqan Biryulevo aholisining tinch e‘tiroz namoyishlaridir. Ammo, bunday vaziyatning yuzaga kelishiga asosiy sabab bu - hukumatning uzoq paytlardan buyon millatlaro totuvlikni o‘rnatish, mavjud millatlararo muammolarni yechish uchun hech narsa qilmayotganidir. Insonlarga esa barcha aybni hukumatga emas, boshqa millatlarga to‘nkash juda oson. Rossiyada hokimiyat hanuz daxlsiz qolmoqda, ammo rangi va ko‘zining shakli boshqacha bo‘lgan insonlar esa dushman timsoliga aylanmoqda. Men 25 yoshli yigit o‘limi ortidan odamlarning Moskva markaziga to‘planib, boshqa millatlarga qarshi emas, balki hukumat amallariga qarshi namoyish o‘tkazishlarini juda istardim.

Image copyright AP

BBC: Daniil, sizningcha hokimiyatda bo‘lganlarning ba‘zilari aholi e‘tiborini ijtimoiy-iqtisodiy qiyinchliklardan chalg‘itib, millatchillikka qaratmayaptimikan?

Daniil Kislov: Bilasizmi, mening nazarimda bunday emas. Chunki, avvalo, Rossiyada hozir jiddiy iqtisodiy-ijtimoy muammolar yo‘q. Maoshlar to‘lanayapti, do‘konlar ishlayapti, odamlar neftni juda qimmat narxga sotayotgan hukumatdan qandaydir yordamlarni olayapti. Kecha OMONchilarning tartibsizliklarni qattiqqo‘llik bilan bostirganiga qarab, men hokimiyat bir qo‘li bilan o‘t qo‘yib, ikkinchi qo‘li bilan uni o‘chirishga harakat qilayapti deb o‘ylamayman. Gap shundaki, hokimiyat jamiyatda yuz berayotgan og‘riqli, muammoli jarayonlarga e‘tibor qaratmayotir. Bunday mojarolarni bartaraf etish uchun hech nima qilmayapti. Lekin, mojaro kuchaysa, ular lab-lunjlarini shishirib, "mana biz endi tartibni o‘rnatamiz", demoqda. Bu esa unchalik tabiiy ko‘rinmayapti nazarimda. Biroq, hokimiyat ichida millatchilikni kuchaytirishdan o‘ziga obro‘ orttirishga intilayotganlar, albattaki, bor. Qandaydir guruhlar va shaxslar bo‘lg‘usi muammolardan aholini chalg‘itayotgan bo‘lishi ham mumkin.

BBC: Bu ketishda vaziyat izdan chiqib, Rossiyada katta qon to‘kilishlar yuz berishi mumkin deb o‘ylamaysizmi?

Daniil Kislov: Bilasizmi, men vaziyat nazoratdan chiqmaydi, deb deyarli ishongan edim. Chunki, zo‘ravonliklar fuqarolarning alohida guruhlari tomonidan sodir etiladi. Kecha, misol uchun, do‘konlar derazalarini sindirgan va mahalliy savdo markazini talon-taroj qilganlar, hattoki yerlik aholi ham emasdi. Yoshlari 15-18 larda bo‘lgan yoshlar Moskva atrofidan kelgan futbol muxlislari edi. Oddiy aholi bunday ishlarga qo‘l urmaydi. Hokimiyat ham bunday bosh-boshdoqliklarni bostirishga qodir, deb o‘ylayman.