O‘zbekistonning mintaqadagi mavqeyi zarba yedimi?

Image copyright AFP
Image caption Katta miqdordagi qarzlari sabab, "Qirg‘izgaz" Rossiyaning yirik davlat gaz shirkatiga deyarli tekinga tushdi

Yetakchi mintaqaviy tahlilchilarga ko‘ra, 'Qirg‘izgaz' davlat shirkatining Rossiya qo‘liga o‘tishi xuddi shu narsani anglatadi.

Ularning fikricha, O‘zbekiston endi o‘zi suv masalasida qaram bo‘lgan Qirg‘izistonga ta‘sir ko‘rsatishning eng kuchli vositasidan deyarli ayrilgan.

Shu hafta juma kuni Qirg‘iziston parlamenti "Qirg‘izgaz"ni Rossiyaning yirik "Gazprom" shirkatiga berish to‘g‘risidagi kelishuvni ratifikatsiya qildi.

Bu esa, qirg‘iz davlat gaz shirkatining to‘liq Rossiya ixtiyoriga o‘tganini anglatadi.

"Albatta, O‘zbekistonning qo‘shni Qirg‘izistonga ta‘sir ko‘rsatishining eng kuchli vositasi bu - o‘sha gaz bilan bog‘liq edi. Endi, bu ma‘noda O‘zbekiston o‘zining bitta katta iqtisodiy muhim bir vositasini yo‘qotdi", - deydi o‘zbekistonlik iqtisodiy tahlilchi Anvar Husainov.

"Ya‘ni, "Gazprom"ga tazyiq o‘tkazib bo‘lmaydi. "Gazprom"ning imkoniyatlari judayam baland. Gazning sifati, uni o‘z vaqtida yetkazib berish yoki to‘xtatib qo‘yish bilan Qirg‘iziston hukumatini hushyorlikka chaqirib turish imkoniyatiga ega edik. Ana shu imkoniyat, menimcha, jiddiy bir ravishda kamaydi":

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Tahlilchilarga ko‘ra, "kattagina bozori"ni yo‘qotishi barobarida vujudga kelgan bu kabi vaziyatning oqibatlari O‘zbekiston uchun jiddiygina bo‘lishi mumkin.

Ular O‘zbekiston nihoyatda suviga qaram Sirdaryo va Norin daryolarining Qirg‘izistondan boshlanishini nazarda tutib, mintaqada shundoq ham hassos bo‘lgan suv muammoasining ko‘lami yanada kengayishi mumkin, deyishadi.

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov o‘tgan yil sentyabr oyida Qozog‘istonga qilgan so‘nggi safari chog‘idaTojikiston qurayotgan Rog‘un va Qirg‘iziston tiklayotgan Qambarota GESlarini nazarda tutib, "vaziyat shu darajada keskinlashib ketishi mumkinki, bu nafaqat qarama-qarshilik, balki urushga ham olib kelishi ehtimoli" mavjudligi bilan ogohlantirgandi.

Uning bu chiqishi mintaqadagi ayrim davlatlar tomonidan xavotir bilan ham qarshi olingandi.

O‘zbeklar masalasi

Image copyright AFP
Image caption 2010 yilgi qonli milliy nizolardan o‘n minglab odamlar jabr chekishgandi

Tahlilchilar, shu o‘rinda, Qirg‘izistonda ikki millionga yaqin o‘zbeklar yashashi voqe‘ligini ham nazardan qochirmaslik lozimligini alohida urg‘ulashadi.

"Ularning ahvollaridan xabardor bo‘lib turish, ma‘naviy tomondan yordam berish uchun ham O‘zbekiston, albatta, hamma vaqt Qirg‘izistonga o‘zining siyosiy ta‘sirini o‘tkazadigan darajada kuchli bo‘lishi kerak. Mana shu ma‘noda, so‘zsiz, bu kabi iqtisodiy ta‘sir vositalarining o‘rni baland", - deydi Anvar Husainov.

Eslatib o‘tish joiz, 2010 yil iyun oyida Qirg‘izistonning O‘zbekiston bilan bevosita chegaradosh janubiy mintaqalarida o‘zbeklar va qirg‘izlar orasida yuz bergan qonli milliy nizolar yuzlab insonlarning umrlariga zomin bo‘lgandi.

Qurbonlar va zo‘ravonliklardan har tomonlama jiddiy ziyon ko‘rgan jabrdiydalar aksariyatining ham mahalliy o‘zbeklar ekani aytilgandi.

Agar, Qirg‘iziston janubidagi faollarning berayotgan baholariga tayanilsa, mintaqadagi o‘sha qirg‘in asoratlari hanuz barham topmagan va jabrdiydalar har taraflama yordamga muhtojlar.

Tahlilchilarga ko‘ra, "Qirg‘izgaz"ni qo‘lga kiritishi bilan Rossiya Turkmaniston va O‘zbekistondan Xitoyga juda katta miqdorda gaz o‘tadigan quvurlar nazoratiga ham imkonli bo‘ladi.

"Bu esa, Xitoyga qancha miqdorda gaz eksport qilinayotganini bilib turish, munosabatlar murakkablashgan paytda esa, ana shu gaz quvurlaridan ta‘sir qilish vositasi sifatida foydalanish imkonini beradi", - deydi tahlilchi Anvar Husainov.

Rossiya va Markaziy Osiyo

Image copyright BBC World Service
Image caption Tahlilchilar nazdida hozir Markaziy Osiyoda Rossiya va G‘arb o‘rtasida geo-siyosiy raqobat holati shakllanmoqda

Tahlilchilar nazdida hozir Markaziy Osiyoda Rossiya va G‘arb o‘rtasida geo-siyosiy raqobat holati shakllanmoqda.

Amerika Afg‘oniston mojarosi va Xitoyning kuchayib borayotgan harbiy salohiyati manzarasida mintaqada qolishni istaydi.

Markaziy Osiyoni o‘zining "eski tomorqasi" sifatida ko‘ruvchi Rossiya esa, G‘arbning payini qirqish harakatida.

G‘arb shu maqsadda so‘nggi yillarda yana o‘zining eski ittifoqchisi bo‘lgan O‘zbekiston bilan aloqalarini kuchaytirish harakatiga tushib qolgan.

Rossiya bilan aloqalari sovib borayotgan rasmiy Toshkent ham "bugun yana mutlaq G‘arb geo-siyosatiga oriyentir olgan davlatga aylangan".

Agar, o‘tgan yilgi xabarlarga tayanilsa, G‘arb Afg‘onistondagi harbiy uskunalarining ham ma‘lum qismini O‘zbekistonda qoldirmoqchi.

Rossiya esa, aynan suv va energiya zaxiralari yuzasidan O‘zbekiston bilan aloqalari anchayin tang Tojikiston va Qirg‘izistonga orqa qilmoqda.

Jumladan, rasmiy Moskva Tojikistonda o‘z harbiy bazasini yana o‘ttiz yilcha qoldirish harakatida.

Image caption Rossiya so‘nggi yillarda O‘zbekiston bilan aloqalari nihoyatda sovuqlashgan Tojikistonda o‘z harbiy bazasini yana o‘ttiz yilcha qoldirmoqchi

O‘tgan ikki o‘n yillikda rasmiy Dushanbega bergan harbiy yordami 400 million dollardan ortgan.

Yana o‘z bazasining qolish muddatini uzaytirish evaziga Tojikiston Qurolli kuchlarini zamonaviy qurol-aslahalar bilan ta‘minlamoqchi.

Tojik harbiylarini ham tekinga o‘z hududida tayyorgarlikdan o‘tkazib bermoqchi.

Tahlilchilarga ko‘ra, yillarki o‘zi har tomonlama jiddiy yordam berib kelayotgan qo‘shni Qirg‘izistonni Rossiya mintaqadagi "xos" do‘sti sifatida ko‘radi.

Ular Rossiya Qirg‘izistonni bu qadar kuchli, ochiqchasiga qo‘llab-quvvatlamaganida, u mustaqil davlat sifatida oyoqqa tura olmagan bo‘lishini alohida ta‘kidlashadi.

Yaqinda rasmiy Moskva Qirg‘izistonga 1 milliard dollardan ortiqroq, Tojikistonga esa, 200 million dollarlik qurol-yarog‘ berishini ma‘lum qildi.

Ustiga ustak, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin so‘nggi yillarda Ovro‘osiyo Ittifoqini barpo qilish harakatiga tushib qolgan.

Mahalliy tahlilchilar bu kabi raqobat manzarasida mintaqa mamlakatlariga "kichik davlatlar"ga xos siyosat yuritishdan o‘zga chora qolmayotganini ta‘kidlashadi.

Ularga ko‘ra, Markaziy Osiyo davlatlari o‘z qiziqishlari va geo-siyosiy joylashuvlaridan kelib chiqib, Rossiya, AQSh va Xitoy bilan "chayqovchilik" siyosatini tutishga majburlar.

Vujudga kelgan bu kabi vaziyat manzarasida esa, tahlilchilar mintaqa mamlakatlari orasidagi hamkorlik har doimgisidan ham muhim va o‘zaro foydali ekanini aytishadi.

Ammo tahlilchilar birinchi rahbarlar orasidagi munosabatlar yaxshilanmas va ular siyosiy istak-xohish ko‘rsatishmas ekan, bu narsa imkonsiz ekanini ham ta‘kidlashadi.