Peshovardagi cherkovni portlatganlar o‘zbeklardir deyilmoqda

Image copyright AFP
Image caption Peshovardagi cherkovni portlatganlar o‘zbeklardir deyilmoqda

22 sentyabr kuni Peshovar shahri yaqinidagi cherkovni portlatgan ikki xudkush jangari Pokiston ro‘znomalari va xabar agentliklarining aytishlaricha o‘zbek millatiga mansub bo‘lishlari mumkin.

Manba‘larning bildirishicha tekshiruv guruhi jarrohlik amaliyatlarini bajarib, xudkush hujumchilarning bosh chanoqlarini o‘rganib chiqqan.

20-25 yashar bo‘lgan bu ikki jangari o‘zbeklardir degan faraz ilgari surilmoqda.

Ularning DNK tekshiruvi ham hozirda amalga oshirilmoqda.

Ma‘lumki, o‘sha portlash oqibatida kamida 84 kishi o‘ldirilgan edi.

Portlash hodisasi

Rasmiylarga ko‘ra, 22 sentyabr yakshanba kungi ibodatdan chiqib kelayotganlar to‘dasida ikki hujumchi o‘zini portlatib yuborgan.

Qurbonlar orasida ayol va yosh bolalar bor bo‘lgan.

Pokistondagi diniy ozchiliklarga qarshi hujumlarda islomiy jangarilar ayblanib keladi.

Nasroniylar Pokiston aholisining 1.6 foizini tashkil etadi.

Portlash yuz bergan mahali odamlarga bepul guruch tarqatishayotgan bo‘lishgan.

Cherkov ichkarisida esa o‘sha paytda 500 dan 600 tagacha odam bo‘lgan.