BBC mehmoni - Nurulloh Muhammad Raufxon

Image caption Nurulloh Muhammad Raufxon "Oq bino oqshomlari" hikoyasi va ayni nomdagi kinostsenariy muallifi hamdir

BBCUzbek.com o‘quvchilarining savollariga taniqli yozuvchi, O‘zbekiston musulmonlari diniy idorasining "Hidoyat" jurnali bosh muharriri Nurulloh Muhammad Raufxon javob beradi.

Nurulloh Muhammad Raufxon (Nurullo Otaxonov) 1955 yil 14 fevralida Farg‘ona viloyati, O‘zbekiston tumanidagi Oyimcha qaqir qishlog‘ida xizmatchi oilasida tug‘ilgan.

Toshkent Davlat (hozirgi Milliy) Universitetining O‘zbek filologiyasi bo‘limida tahsil olgan.

Mehnat faoliyatini Surxondaryo viloyat Leninyo‘li (hozirgi Qiziriq) tumanidagi sakkiz yillik maktabda o‘qituvchilikdan boshlagan.

1981-1991-yillarda "Yoshlik" jurnali tahririyatida xatlarni hisobga oluvchi, muharrir va bo‘lim mudiri, "O‘zbekiston adabiyoti va san‘ati" gazetasi tahririyatida muxbir, "Mushtum" jurnali tahririyatida mas‘ul kotib bo‘lib ishlagan.

1991-yildan O‘zbekiston musulmonlari diniy idorasining "Movarounnahr" nashriyotida bosh muharrir, "Sharq yulduzi" jurnali tahririyatida bo‘lim mudiri va "Hidoyat" jurnali tahririyatida bosh muharrir.

2010 yildan hozirgacha "Movarounnahr" nashriyotining bosh direktori lavozimida ishlab keladi.

Ayni paytda "Hidoyat" diniy-ma‘rifiy jurnalining ham bosh muharriri.

Nurulloh Muhammad Raufxon "Oq bino oqshomlari" hikoyasi va ayni nomdagi kinostsenariy muallifidir.

Yozuvchining "Dunyo keng" (hikoyalar, 1986) hamda "Shu yerlik kishi" (qissa va hikoya, 1988) kitoblari chop etilgan.

U shuningdek, Alisher Navoiyning "Layli va Majnun" dostoni asosida ikki qismli kinostsenariy yozgan.

Turk, gurji, xitoy va rus adiblarining bir qator asarlari, Temur Po‘latovning "Zavsegdatay" ("Shinavanda") qissasi hamda "Cherepaxa Tarazi" ("Toroziy toshbaqasi") romanlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.

Hozirgi zamon turk adibi, olimi Ahmad Lutfiy Qozonchining olti jildlik "Saodat asri qissalari" asari ham Nurulloh Muhammad Raufxon tarjimasida o‘zbek tilida dunyo yuzini ko‘rgan va bir necha marta qayta nashr etilgan.

Dolzarb mavzularda bir qator publitsistik, ilmiy, adabiy maqolalar muallifi.

BBC mehmoniga savollaringizni sahifamiz pastidagi maxsus forma orqali yo‘llang.

Suhbatni shanba va yakshanba kungi "Daraklar" dasturida tinglay olasiz, uning to‘liq matni bilan ushbu sahifada tanishishingiz mumkin.

Elektron pochtamiz manzili: uzbek@bbc.co.uk